37293.fb2 Alkimyogar - читать онлайн бесплатно полную версию книги . Страница 2

Alkimyogar - читать онлайн бесплатно полную версию книги . Страница 2

MUQADDIMA

Alkimyogar kitobni qo’liga oldi, uni sayyohlardan kimdir olib kelgan edi. Kitob muqovasiz edi, biroq u muallifning ism-sharifini topdi — Oskar Uayld — va uni varaqlab, tuyqusdan nigohi Nargis haqidagi rivoyatga tushdi.

Kun-uzzun anhor bo’yida o’z aksiga mahliyo bo’lib o’tiradigan sohibjamol bo’zbola haqidagi rivoyat Alkimyogarga ma’lum edi: Nargis shu qadar mahliyo bo’lib anhorga termilib qolgan ediki, oxir-oqibat suvga qulab, cho’kib ketdi, qirg’oqdan esa gul unib chiqdi, gulni uning nomi bilan atashdi.

Biroq Oskar Uayld bu rivoyatni boshqacha hikoya qilgan.

“Nargis halok bo’lgach, o’rmon nimfalari — driadalar sezdilarki, anhorning chuchuk suvi ko’z yoshdan sho’rlanibdi.

— Sen nega yig’layapsan? — so’rashdi driadalar.

— Men Nargisga aza tutayapman, — javob qildi anhor.

— Buning ajablanadigan joyi yo’q, — deyishdi driadalar. — Oqibat shu ekan, axir, u o’rmondan o’tganda biz doimo ortidan yugurar edik, yolg’iz sensan — uning husnu jamolini yaqindan ko’rgan.

— U sohibjamolmidi? — so’radi shunda anhor.

— Ha, bu haqda sendan o’zga kim ham bir so’z ayta olardi? — ajablanishdi o’rmon nimfalari: — Sening qirg’og’ingda o’tirib, sening suvlaringga termilib, azondan shom qorong’usigacha vaqt o’tkazgan emasmidi u?

Anhor uzoq sukut saqladi va nihoyat javob qildi:

— Men Nargisga aza tutayapman, biroq hech qachon uning go’zal ekanini payqamabman. Ko’z yoshlarimni oqizayotganim boisi, har safar u qirg’og’imga kelib, egilib suvlarimga termilib o’tirganida, ko’zlarining tubida mening go’zalligim yuz ko’rsatardi”.

“Naqadar g’aroyib rivoyat”, — o’yladi Alkimyogar.