37293.fb2 Alkimyogar - читать онлайн бесплатно полную версию книги . Страница 4

Alkimyogar - читать онлайн бесплатно полную версию книги . Страница 4

IKKINCHI QISM

Santyago qariyb bir oy do’konda ishladi, biroq yangi ish ayni uning ko’nglidagiday edi, deb bo’lmasdi. Billur buyumlar sotuvchi savdogar kun bo’yi do’kon peshtaxtasi ortida o’tirar va bo’zbolaga idishlarga ehtiyot bo’lishini tayinlab tinimsiz to’ng’illardi.

Shunga qaramay ishdan bo’shab ketishga majbur bo’lgani yo’q, chunki Savdogar, vaysaqiligiga qaramay, halol va va’dasida turadigan kishi edi: Santyago har bir sotilgan idishdan shirinkoma olar va hatto ozgina pul ham jamg’argandi. Bir kuni ertalab u topgan-tutganini sanab chamaladi, agar hozirgiday ishlab tursa, bir yildan keyingina to’rt-beshta qo’y sotib olishga qurbi yetar ekan.

— Peshtaxtani tashqariga chiqarib, idishlarni shunga terib qo’ysak yaxshi bo’ladi, — dedi u xo’jayinga. — Uni do’konning eshigi oldiga qo’yardik, o’tgan-ketganning ko’zi tushadi.

— Shu paytgacha idishlarni ko’chaga olib chiqqanimiz yo’q, — javob qildi Savdogar. — Birortasi turtib yuborib billurni sindirishi mumkin.

— Qo’y boqib yurganimda ulardan birortasini ilon chaqib nobud qilishi mumkin edi. Biroq, nachora, qo’ylarning, cho’ponlarning ham hayoti shunaqa.

Bu payt Savdogar uchta qadah sotib olayotgan xaridorga xizmat ko’rsatayotgan edi. Xullas, savdo jonlangan, go’yo bir paytlari bo’lgani kabi, do’kon joylashgan bu tor ko’cha tag’in butun shahardan odamlarni o’ziga ohanraboday torta boshlagandi.

— Ishlar yomonmas, — dedi u xaridor chiqib ketgach. — Hozir men yaxshi daromad qilayapman, nasib etsa senga yaqin-orada bir otar qo’y sotib olishingga yetadigan pul beraman. Xo’sh, senga nima yetmaydi o’zi? Boriga qanoat qilmay, besh qo’lni og’izga tiqishga hojat bormi?

— Bor, belgilarga qarab qadam tashlash kerak, — beixtiyor og’zidan chiqib ketdi bo’zbolaning va shu lahzadayoq u aytgan gapiga afsuslandi: axir, bu savdogar sehrli qariyani uchratmagan-ku.

“Buni Xayrli Ibtido deydilar, — qariyaning gapi uning yodiga tushdi. — Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo’ladi. Zero, hayot insonning o’z Taqdiri yo’lidan borishiga xayrixohdir”.

Shu orada xo’jayin Santyago aytgan gapni fahmlab oldi. Ayonki, uning bu do’konga qo’ygan qadami xayru barakadan belgi berdi — pul oqib kela boshladi va Savdogar bu ispan bolani yollaganiga hech ham pushaymon bo’lmadi. Garchi qilayotgan mehnatiga kutganidan ko’ra ko’p daromad olayotgan esa-da, Savdogar ishlari bu qadar yurishib ketishini o’ylamay turib bo’zbolaga binoyiday haq to’lashni taklif qilgandi. Bola yaqin-orada qo’ylariga ketib qoladiganday tuyuldi unga.

— Ehromlar senga nima uchun zarur bo’lib qoldi? — so’radi u mavzuni o’zgartirish maqsadida.

— Menga ular haqida juda ko’p gapirib berishgan, — javob qildi Santyago.

Xazina endi alamli xotiraga aylangani bois, bo’zbola bu haqda o’ylamaslikka harakat qildi, shu bois xo’jayinga ko’rgan tushini aytib o’tirmadi.

— Umrimda birinchi marta ehromlarni o’z ko’zi bilan ko’rish uchun sahroni kezib o’tishga chog’langan odamni uchratishim. Ehrom degani — bu shunchaki bir sangzor-ku. O’zing ham hovlingda buni qursang bo’ladi.

— Bundan chiqdi, sizning tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan, — dedi unga javoban Santyago va navbatdagi xaridor tomon yurdi.

Oradan ikki kun o’tib, xo’jayin Santyagoning peshtaxtani do’kon tashqarisiga chiqarish haqidagi taklifini esladi.

— Men har xil yangiliklarga ishqiboz emasman, — dedi u. — Qolaversa, Hasanday boy ham emasman, u xato qilib qo’yishdan qo’rqmaydi, chunki bu unga qimmatga tushmaydi. Sen bilan men esa o’z xatolarimiz uchun umr bo’yi jabr chekamiz.

“To’g’ri aytadi”, — o’yladi bo’zbola.

— Qani, menga ayt-chi, peshtaxtani ko’chaga chiqarib, idishlarni terib qo’yishning senga nima nafi bor? — davom etdi xo’jayin.

— Men qo’ylarimning oldiga tezroq qaytishni xohlayman. Ishimiz o’ngidan kelib turganda fursatni boy bermaylik, omadimizdan foydalanib qolaylik. Buni Xayrli Ibtido, deyishadi. Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo’ladi.

Qariya biroz sukut saqlab, javob qildi:

— Payg’ambarimiz bizlarga Qur’onni berdi va zimmamizga besh farzni qo’ydi, ularni biz umrimiz mobaynida ado etmog’imiz lozim. Eng muhimi — Ollohning borligi va birligi — shuni yodda tutib yashamoq. Qolgan to’rtta shart — bir kunda besh vaqt namoz o’qish, Ramazon oyida ro’za tutmoq, beva-bechoralarga xayr-ehson qilmoq…

U yana jimib qoldi. Payg’ambarni tilga olayotib uning ko’zlari namlandi, garchi u foniy dunyoda yashayotgan, betoqat va qiziqqon banda esa-da, baribir musulmonchilikning qonun-qoidalariga, payg’ambar Muhammad buyurganlariga amal etib yashayotgan edi.

— Xo’sh, beshinchi shart-chi? — so’radi Santyago.

— O’tgan kuni sen menga, tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan, deding. Bilib qo’y, har bir musulmonning zimmasidagi beshinchi farz — haj safarini amalga oshirmoqdir. Bizlarning har birimiz umrimizda bir bor bo’lsa-da muqaddas Makka shahrini ziyorat qilishimiz shart. Bu shahar ehromlardan ham uzoqda. Yoshligimda ozroq pul topib, mana shu do’konni olgan edim. O’ylardim: boyib ketsam, albatta, Makkaga boraman, deb. Keyin qo’lim pul ko’rdi, mol-dunyo orttirdim, biroq savdoni hech kimga ishonolmadim, chunki men sotadigan buyumlar juda nozik. Va har kuni haj safariga otlanganlarga ko’zim tushadi, ularning orasida badavlatlari bor — o’nlab xizmatkorlariyu butun bir tuya karvoni ularni kuzatib boradi, biroq yo’l olganlarning ko’pchiligi mendan ko’ra kambag’al bandalar. Men ularning nechog’li xushbaxt bo’lib qaytib kelishganini va uylarining eshigiga Makkaga hajga borishganidan darak beradigan belgi qo’yishganini ham ko’rganman. Ularning biri, eski poyafzallarni yamaydigan etikdo’z menga sahroda bir yil yo’l yurdik, biroq Tanjerda qo’shni mahallaga ko’n olgani borganimda charchab qolardim, haj safarida hecham toliqmadim, deb aytdi.

— Nega hoziroq to’g’ri Makkaga yo’l olmaysiz? — so’radi Santyago.

— Chunki men haj safari umidi bilan tirikman. Bo’lmasa, men ikki tomchi suvday mana shu yakrang, zerikarli kunlarga, buyumlarim terib qo’yilgan bu o’lik jovonlarga, har kuni qatnaydigan o’sha kir-chir yemakxonaga — shu turush-turmushga chiday olarmidim. Qo’rqaman, nasib etib umid-orzuim ro’yobga chiqquday bo’lsa, undan keyin hayotda tayanib yashaydigan boshqa ilinjim qolmaydi. Sen esa bosh-qachasan, menga o’xshamaysan, o’z orzu-niyatingga yetishishga ishtiyoqing zo’r. Mening faqat Makka xayoli bilan yashagim bor. Sahroni kezib o’tishim, muqaddas tosh turgan maydonga borishim, uning tevaragini yetti bor aylangach, tavof olishimni minglab marta ko’z oldimga keltirganman. Biroq qo’rqaman umidsiz bo’lib qolishdan, shuning uchun orzu-niyatimdan ayrilib qolmay deyman.

Shu kuni u Santyagoga do’kon tashqarisida yangi peshtaxta taxlashga ruxsat berdi. Hamma bir xilda orzu qilib, bir xil tush ko’rmaydi.

Oradan tag’in ikki oy o’tdi — tashqariga qo’yilgan peshtaxta juda qo’l keldi: do’kondan odam arimay qoldi. Santyago chamalab ko’rdi: ishlar shu zaylda ketsa yarim yildan so’ng u Ispaniyaga qaytadi, boz ustiga, oltmish emas, yuz yigirma bosh qo’y sotib oladi. Bir yil ichida suruviga suruv qo’shiladi va u arablar bilan savdoni boshlab yuboradi, chunki endi ularning tilida gapirishga baharnov o’rgandi. Bozordagi o’sha voqeadan beri u to’rvasidan Urim va Tumim toshchalarini qaytib olmagandi, boisiki, Misr uning uchun, xuddi xo’jayiniga Makka safari ushalmas orzuga aylanganiday, qo’l yetmas yulduz bo’lib qoldi. Yumushi uni qoniqtirar va doim xayolida kemadan Tarifga g’olib sifatida tushib kelishini tasavvur qilardi.

“Yodingda tut: hamma vaqt aynan nimani istashingni aniq bilgin”, degan edi Malkisidq.

Bo’zbola bilardi va ko’zlagan maqsadiga yetishish uchun ter to’kardi. Ehtimol, begona yurtga kelib qolish, bu joyda aldoqchiga yo’liqish, keyin esa bir pul sarflamay suruvini ikki baravar ko’paytirib olish — bularning bari uning peshonasiga bitilgandir?

U o’zidan mamnun edi. Ko’p narsani o’rgandi: endi billur sotishni eplaydi, so’z ishlatilmaydigan tilni egalladi, belgilarni baloday uqadi. Bir safar u kimdir birovning yozg’irayotganini eshitib qoldi: bu yerga chiqib kelguningcha sillang quriydi, na o’tiradigan joy, na bir ho’plam choy bor. Buning bir belgi ekanini Santyago darhol payqadi va xo’jayinga dedi:

— Qirga chiqib kelayotganlarga choy sotsak nima qiladi?

— Yaxshi taklif, o’ylab ko’rsa arziydi, — dedi u.

— Choyni billur idishlarga quyib uzatamiz. Odamlar bundan zavqlanadi, bizdan billur sotib olgilari keladi. Odamlar go’zallikka o’ch bo’lishadi.

Xo’jayin bir so’z demay unga ancha qarab turdi. Biroq shomga yaqin, nomozni o’qib, do’konni bekitgach, qarshidagi tosh yo’lakka o’tib o’tirib oldi va Santyagoga arablar qo’lma-qo’l qilib chekadigan g’aroyib chilimni taklif qildi.

— Qani menga ayt-chi, sen nimaga erishmoqchisan o’zi? — so’radi u bo’zboladan.

— O’zingiz bilasiz-ku, men uyimga qaytishni xohlayman, qo’y sotib olmoqchiman. Buning uchun menga pul kerak.

Qariya chilimga cho’g’ tashladi va qurullatib tortdi.

— O’ttiz yildan beri shu do’konda savdo qilaman. Billurning tozasini yomonidan farqlay olaman, savdoning sir-asrorini bilaman. Ishim yurishib turganidan dumog’im chog’, yana kengaytirishga esa hafsalam yo’q. Xaridorlarga billurda choy uzatib tursang va qarasangki, chindan daromad oshgandan oshsa; unda butun do’konu dastgohni yangilashga to’g’ri keladi.

— Xo’sh, buning nimasi yomon?

— E, men shunday yashashga o’rganib qolganman-da. Sen bu yerda yo’g’ingda ko’p xayol surardim: ne zamonlardan beri shu joyda muqim o’tiribman, bu orada oshnalarim bir yoqlarga ketishdi, yana qaytib kelishdi, birlarining bozori kasod bo’ldi, boshqalari boyib ketishdi. Alam bilan shularni o’ylardim. Endi amin bo’layapman, do’konim o’zimning imkonimga mos, o’zim xohlagan o’lchamdan ekan. Uni kengaytirishga hecham rag’batim yo’q, o’zi bunday o’zgarishlar qanday qilinadi — bilmayman ham. O’zi bilan o’zi andarmon odamman.

Bir nima deyishga bo’zbolaning tili aylanmadi. Qariya davom etdi:

— Seni mening qoshimga go’yo Ollohning o’zi yubordi. Bilasanmi, bugun men nimani angladim: Ollohning inoyatiga shukr qilmaslik la’nat bo’lib qaytadi. Men hayotdan bundan ortiq yana nimalarnidir ta’ma qilmayman, sen esa meni qaylargadir boshlamoqchi bo’lasan. O’sha yoqlarga qarab turib o’zimning qurbimni anglab yetaman va o’zimni burungidan-da battar his etaman. Qo’lim uzayib, imkoniyatim oshgan bir paytda endi menga ko’p narsaning keragi yo’q.

“Makkabodroq sotuvchiga bir nima deb gapirmaganim ham yaxshi bo’lgan ekan”, — o’yladi Santyago.

Ular biroz chilim chekib o’tirishdi. Quyosh botdi. Xo’jayin bilan bo’zbola arabchada gaplashardi — Santyago bu tilni egallab olganidan mamnun edi. Bir paytlar, boshqacha yashab yurgan vaqtlarida, unga go’yo qo’ylar hamma narsani fahmlaydiganday tuyulardi. Biroq arab tilini ular hech qachon o’rganolmaydi.

“Demak, ular o’rganolmaydigan boshqa narsalar ham bor, — o’yladi u, xo’jayinga jim qarab qo’yarkan. — Chindan, ular o’t bilan suvni qidirishni biladi, xolos. Bunga ham o’zlari o’rgangani yo’q — men o’rgatdim ularni”.

— Maktub, — dedi nihoyat billur sotuvchi.

— Bu nima degani?

— Uni bilish uchun arab bo’lib tug’ilish kerak, — javob qildi u. Ma’nosi, taxminan, “shunday bitilgan” degani.

U chilimning cho’g’larini o’chira turib, Santyagoga ertadan boshlab billur idishlarda choy sotishing mumkin, dedi. Hayot daryosini to’xtatishning iloji yo’q.

Odamlar mashaqqat chekib qiyalikdan yuqoriga o’rlar va tuyqusdan tepada ro’paradagi do’konga ko’zlari tushib qolar, bu joyda ularga bejirim billur idishlarda yaxna xushta’m chanqovbosdi choy taklif etishardi. Shunday damda do’konga bosh suqmay, choydan ichmay bo’ladimi?!

“Bu mening xotinimning yetti uxlab tushiga ham kirmaydi!” — dedi bir nechta billur idish xarid qilgan kishi: shu kuni kechqurun unikiga mehmon keladigan va u ana shu chiroyli billurlar bilan ularning ko’nglini ovlamoqchi edi.

Boshqa bir xaridor billurda ichilgan choyning ta’mi zo’r bo’ladi, choy billurda xushbo’yligini saqlaydi, dedi. Yana biri esa Sharqda azaldan billurda choy ichish an’anasi borligini yodga oldi, chunki billur sehrli xususiyatga ega, dedi u.

Tez orada bu hojatbarorlik ixtirosi hammaning qulog’iga yetdi va xaloyiq ko’hna hunarga qanday qilib yangidan jon kiritish mumkinligini o’z ko’zlari bilan ko’rish ishtiyoqida qirga o’rlab kelaverdi. Bu orada billur idishlarga choy quyib beradigan boshqa qo’nalg’alar ham paydo bo’ldi, biroq u joylarga terlab-pishib, mashaqqat chekib o’rlab borilmasdi, shu bois ular bo’m-bo’sh edi.

Ko’p o’tmay do’konga yana ikki nafar dastyor yollashga to’g’ri keldi. Endi bu yerda billur sotishdan tashqari, yangilikka ishqiboz bo’lib kelgan son-sanoqsiz kishilarga tinimsiz choy ulashilardi.

Shu taxlit yarim yil o’tdi.

Quyosh chiqmay turib Santyago uyg’ondi. Afrikaga ilk bor qadam bosganidan beri o’n bir oy-yu to’qqiz kun o’tibdi.

U oq matodan tikilgan, atay bugungi kunga deb xarid qilingan arabcha burnusni kiydi, boshini ro’mol bilan yopdi va ustidan tuya terisidan qilingan halqani solib tortdi-da shippakni oyog’iga ilib, ovoz chiqarmay pastga tushdi.

Shahar hali uyquda. Santyago murabbo bilan bir to’g’ram non yedi, billur stakanda qaynoq choy ichdi. Keyin do’konning bo’sag’asiga o’tirib chilim chekdi.

U shu taxlit yolg’iz o’zi xayoliga hech nimani keltirmay, sahro hidini ufirib bir tekis, tinimsiz esayotgan shamol sasiga quloq tutib chekib o’tirdi. Chekib bo’lib, qo’lini cho’ntagiga tiqdi — bir necha daqiqa cho’ntagidan olgan narsaga qarab turdi.

Uning barmoqlari bir siqim pulni siqib ushlab turardi — bu pullarga qaytish uchun patta olsa ham bo’ladi, yana yuz yigirma bosh qo’y va tag’in hozir o’zi turgan mamlakat bilan Ispaniya o’rtasida savdo qilish uchun ruxsatnoma xarid qilsa ham bo’ladi.

Santyago xo’jayinning uyg’onib, do’konni ochishini toqat bilan kutdi. Keyin ular birgalikda yana choy ichishdi.

— Bugun men jo’nayman, — dedi bo’zbola. — Endi menda qo’y sotib olishga, sizda esa Makkaga borishga yetarli mablag’ bor.

Xo’jayin sukut saqladi.

— Meni duo qiling, — jiddiy ohangda dedi Santyago. — Siz meni qo’lladingiz.

Qariya hanuz churq etmay choy qaynatish bilan mashg’ul edi. Nihoyat u bo’zbola tomon burildi.

— Men sen bilan faxrlanaman. Sen do’konimni jonlantirib yubording. Biroq bilgin: men Makkaga bormayman. Yana shuni ham bilib qo’ygin: sen qo’y sotib olmaysan.

— Kim aytdi sizga buni? — hayron bo’lib so’radi Santyago.

— Maktub, — qisqa javob qildi billur sotuvchi Savdogar.

Va u bo’zbolani duo qildi.

Shundan so’ng Santyago o’zi yotadigan xonaga kirdi va ul-bul narsalarini yig’ishtirdi — lash-lushlari uch qop bo’ldi. Eshikdan chiqayotib uy burchagida yotgan eski cho’ponlik to’rvasini ko’rib qoldi, ko’pdan beri ko’zi tushmagani uchun to’rvani yodidan chiqarib yuborgan edi. Uning ichida kamzuli va kitobi bor. U kamzulini, ko’chada birorta bolaga sovg’a qilarman, degan mo’ljal bilan to’rvadan chiqardi va shu payt bir juft tosh — Urim va Tumim yerga tushib dumalab ketdi.

Shu damda bo’zbola keksa podshohni esladi va qancha vaqtdan beri u haqda o’ylamaganiga ajablandi. Axir, butun bir yil uzluksiz ter to’kib mehnat qilishga to’g’ri keldi, chunki pul topish kerak, Ispaniyaga quruq qo’l bilan so’ppayib borib bo’lmasdi-da.

“Orzu-umidlaringdan hech qachon voz kechmagil, — degan edi unga Malkisidq. — Belgilarga ergash”.

Bo’zbola toshlarni terib oldi va shu payt uni yana g’aroyib tuyg’u chulg’adi, go’yo qariya yonginasida edi. Mashaqqatli mehnat bilan o’tdi shu bir yil, endi esa belgilar bu yerdan jo’nab ketishga ishora qilayotir.

“Men yana avval qanday bo’lsam, aynan o’sha zaylimga qaytaman, — o’yladi u, — biroq qo’ylar meni arabcha gapirishga, baribir, o’rgata olmasdi”.

Biroq qo’ylar unga muhim bir saboq bergan edi: dunyoda barchaga birday tushunarli so’zsiz til borligini o’rgatgandi. O’tgan bir yil mobaynida savdo-sotiqni jonlantiray, deb Santyago ana shu — hammaga tushunarli tilda gapirdi. Bu g’ayratbaxsh, zavq-shavqli til edi, ishni mehr-muhabbat va xohish-iroda bilan qiladigan, ishonchu xohishingga quvvat beradigan til edi. Tanjer endi unga begona joy emas, endi bo’zbolaning dunyoni, xuddi bu shaharni zabt etganiday, zabt eta olishga ko’zi yetib turardi.

“Agar biror-bir narsani chin dildan orzu qilsang, butun Olam uning amalga oshishiga ko’maklashadi”, — keksa Malkisidq shunday degan edi.

Biroq qariya faqat orzu qilib, amalda uni chin dildan istamaydigan talonchilar, behudud sahro-yu odamlar haqida churq etmadi. U bo’zbolaga ehrom deganlari shunchaki sangzor ekani, agar xohlasa har qanday odam chorbog’ida bunday toshlar uyumini tiklay olishi haqida ham gapirmadi. Biroq keksa podshoh unga, agar orttirib qo’y sotib olishga pul yig’a olsa, bu qo’ylarni u sotib olishi kerakligini aytib qo’yishni unitgandi.

Santyago to’rvasini olib, boshqa lash-lushlariga qo’shib qo’ydi. Xo’jayin xaridorlarga xizmat qilar, yana ikki nafar xaridor do’kon ichida billur idishlarda choy ichishib, aylanib yurishardi. Bunday mahalda do’konda, odatda, xaridorlar ko’p bo’lmasdi. Shu damda Santyago xo’jayinning sochlari Malkisidqning sochlarini eslatishini payqadi. Tanjerdagi birinchi tong mahali uning yodiga tushdi, o’shanda na boradigan joyi va na biror yeguligi bor edi; qandolatchining tabassumi ham yodiga tushdi va bu tabassum ham keksa podshohni esiga soldi.

“Xuddi Malkisidq bu yerdan o’tganday, hamma narsada o’zining izini qoldirganday, — o’yladi bo’zbola. — Go’yo bu odamlar o’z hayotlarining qaysidir pallasida u bilan uchrashganday. Biroq u menga: kimki o’z Taqdiri yo’ldan borayotgan bo’lsa, men unga ko’rinaman, degan edi”.

U xayrlashmay chiqib ketdi — begonalar oldida yig’lashni or bildi. Biroq u bu joyni, mana shu makonda o’rganib, odatlanib qolgan narsalarni qo’msashini, sog’inishini tushunardi. Bu joyda u o’ziga ishonch va dunyoni zabt etguday ishtiyoq paydo qildi.

“Axir, men qo’y boqadigan tanish joylarga qaytayapman”, — o’yladi u, biroq bunday xush xayol ham negadir uning ko’ngliga chiroq yoqmadi. Orzuimni amalga oshiray deb bir yil ishladi, mana endi bu orzu ushalay deb turganda daqiqa sayin o’zining jozibasini yo’qota boshlayapti. Balki bu, umuman, orzu emasdir?

“Ehtimol, billur sotuvchiga o’xshagan bo’lish kerakdir? U kabi bir umr Makkani orzu qilib, hech qachon safarga chiqmagan ma’qulmikan?” — o’yladi bo’zbola, biroq u qo’lida ushlab turgan toshlar g’oyibdan unga keksa podshohning quvvati va qat’iyatini berayotganday edi.

G’aroyib tasodif tufaylimi yoki bu ham bir belgidan darakmi, ishqilib, u hozir Tanjerga kelgan birinchi kunda bosh suqqan yemakxonaga kirdi. Albatta, o’shanda unga duch kelgan tovlamachining qorasi ko’rinmasdi. Xo’jayin choy keltirdi.

“Cho’ponlikka xohlagan paytim qaytaveraman, — o’yladi Santyago. — Qo’y boqishni, jun qirqishni eplayman va bu yumush bilan pul topa olaman. Biroq boshqa paytda ehromlarga borish uchun hozirgiday imkoniyat bo’lmasligi mumkin. Ko’kragiga oltin sipar taqqan qariya mening butun o’tmishimni bilardi. Menga haqiqiy podshoh va boz ustiga, donishmand uchragan edi”.

Uni Andalusiya dalalaridan atigi ikki soatli yo’l ajratib turardi, biroq ehromgacha bepoyon sahro yastanib yotibdi. Bunga boshqacha qarasa ham bo’lishini u tushundi: hozir yo’l olsa xazinagacha ketadigan vaqt ikki soatga qisqaradi, garchi u, bu orada, bir yilni yo’qotgan esa-da.

“Nega qo’ylarimga qaytib borgim kelayotgani tushunarli: chunki ularni bilaman, yaxshi ko’raman, ularning tashvish ham aytarli ko’p emas. Biroq sahroga shunday mehr qo’ysa bo’larmikan? Axir, men intilgan xazinamni aynan sahro o’z bag’riga bekitgan-ku. Agar uni topolmasam — uyga qaytaman. Bo’lganicha bo’ldi, hozir pulim ham, vaqtim ham bor, nega bir urinib ko’rmasligim kerak?”

Shu daqiqada u juda sevinib ketdi. Cho’ponlik doimo uning ilkida. Qolaversa, xohlagan paytda o’zi ham billur savdosi bilan shug’ullana oladi. Albatta, dunyoda xazinalar ham ko’p, biroq boshqa birov emas, aynan uning o’zi bir tushni ikki marta ko’rdi va unga keksa podshoh duch keldi.

U yemakxonadan dumog’i chog’ bo’lib chiqdi. Xo’jayiniga billur yetkazib turadigan, sahroda karvon bilan yuradigan bir savdogar yodiga tushdi. Santyago kaftidagi Urim va Tumimni siqdi — shu toshlar sharofati tufayli u yana o’z xazinasini qidirib yo’lga tushishga qaror qildi.

“Men doimo o’z Taqdiri yo’lidan borayotganlar yonidaman”, — u Malkisidq so’zlarini esladi.

Bu juda oson: savdo omboriga borib, ehromlar bu yerdan uzoq deyishadi, shu rostmi, deb so’rasa bo’lgani.

Angliyalik o’tirgan joy ko’proq og’ilni eslatardi, bu yerdan ter, chang va mol hidi anqirdi. “Mana shunday yovuqda yashash uchun o’n yil o’qish lozim bo’ldi”, — o’yladi u, kimyoga oid jurnalni parishonxotir varaqlarkan.

Biroq ortga chekingani imkon yo’q. Belgilarga ergashish kerak edi. U butun umrini bani bashar gapiradigan o’sha yagona tilni topishga bag’ishladi, shu uchun o’qidi-izlandi. Dastlab u xalqaro sun’iy til — esperanto bilan mashg’ul bo’ldi, keyin dunyodagi dinlar bilan qiziqdi va nihoyat alkimyoga berildi. Mana endi esperantoda bemalol gapiradi, turli diniy e’tiqodlar tarixini puxta biladi, faqat hali alkimyogar bo’la olgani yo’q. To’g’ri, qandaydir sir-sinoatlarni kashf etdi, lekin ayni paytda bir nuqtada turib qoldi va o’z tadqiqotlarida bir qadam ham oldga siljiy olmayotir. Qaysidir bir alkimyogardan ko’mak topishga behuda urindi — ularning bari ichimdagini top deydigan, g’alati fe’l-atvorli odamlar chiqdi, ularning bari faqat o’zini o’ylar, biror-bir ko’mak yo maslahat olish dargumon edi. Ehtimol, bunday dargumonlik ularning har narsani oltin qiladigan afsonaviy tosh — Iksirning siriga baribir yetisha olmaganliklari tufaylidir.

Angliyalik otasining merosidan bir qismini o’zining samarasiz tajribalariga sovurib bo’ldi. U dunyodagi eng boy kutubxonalarda izg’idi, alkimyoga oid kamyob, o’ta nodir kitoblarni xarid qildi. O’sha kitoblardan bittasida u, ko’p yillar burun Yevropada bo’lgan bir mashhur arab alkimyogari haqida o’qidi; uning ikki yuzdan oshgani-yu, Iksirni topgani va Obi-hayotni kashf etgani haqida keng dovruq taralgandi; bu ovozalar, albatta, angliyalikni ne qadar mutaassir etmasin, agar sahrodagi arxeologik ekspeditsiyadan qaytib kelgan oshnasi o’zi ko’rgan karomatsohib bir arab haqida unga gapirib bermaganida, oddiy afsonaday tuyulardi. U El-Fayum vohasida istiqomat qilarkan. Gap-so’zlarga qaraganda, yoshi ikki yuzda va u har qanday metalni oltinga aylantira olarmish.

Buni eshitgan zahoti angliyalik hamma ishini yig’ishtirdi, uchrashuvlarni bekor qildi va shaxsiy kutubxonasidan eng kerakli kitoblarni oldi-yu, yo’lga tushdi — va mana, u shu yerda, og’ilga o’xshagan badbo’y omonat bostirmada, devor ortida esa Sahro orqali yo’l solishga shaylanayotgan katta karvon turibdi va El-Fayum vohasi shu karvonning yo’li ustida.

“Men bu la’nati alkimyogarni o’z ko’zlarim bilan ko’rishim kerak”, — o’yladi angliyalik va ayni damda tuyalarning sassig’i ham unga juda badbo’y tuyulmadi.

Shu orada bir navqiron arab, kiftida yo’l to’rvasi bilan, uning oldiga keldi va salomlashdi.

— Yo’l bo’lsin? — so’radi u.

— Sahroga, — javob qildi angliyalik va yana kitob o’qishga tutindi.

Uning vaqti ziq edi: o’n yil o’rganganlarini xotirasida tiklashi kerak; aytib bo’lmaydi, alkimyogar uning bilimini sinab ko’rishni xohlab qoladimi.

Bo’zbola bu orada o’tirib, kiftiga osgan to’rvasidan kitob olib ochdi. Angliyalik kitobning ispan tilida ekanini payqadi.

“Harqalay, yomonmas”, — o’yladi u, chunki ispanchada arabchaga qaraganda yaxshiroq gapirardi.

Agar bu bola ham El-Fayumga yo’l olsa, bekorchi vaqtda u bilan gurunglashsa bo’ladi.

“Qiziq, — o’ylardi Santyago, kitobning boshidagi dafn marosimi sahnasini yana qayta o’qib chiqarkan. — Shu kitobni qo’lga olganimga, mana, ikki yil bo’ldi, hanuz birinchi betidan nariga o’tganim yo’g’-a.”

Bu safar yonida podshoh Malkisidq yo’q xalal beradigan, biroq bo’zbola baribir diqqatini jamlay olmadi. Boz ustiga, o’zi shu qarorga to’g’ri keldimmi, degan fikr uni chalg’itardi. Lekin Santyago eng muhim narsani tushunardi: har qanday ishda qarorga kelish— ishning boshlanishi, xolos. Qachonki odam biror narsaga, tanlab turib qaror qilsa, u go’yo tezkor oqimga sho’ng’iganday bo’ladiki, oqim uni xayoliga keltirmagan joyga oqizib ketadi.

“Xazinani qidirib yo’lga chiqqanimda billur sotuvchining do’konida ishlayman, deb o’ylamagandim. Shundayin, bu karvon ham, ehtimol, mening tanlovimdir, mening azmu qarorimdir, biroq mening yo’lim o’z-o’zicha sirliligicha qoladi”.

Uning yonida yevropalik o’tiribdi va u ham kitob o’qiyotir. Santyagoga u yoqimsiz odamday ko’rindi: bo’zbola bostirmaga kirganda u yovqarash qildi. Bu, lekin, hech gapmas — ular baribir tanishib olishardi, agar u gapni uzib qo’ymaganida.

Bo’zbola kitobini yopdi — uning bu muhojirga o’xshashga hecham xohishi yo’q edi, keyin cho’ntagidan toshchalarni oldi va ular bilan o’ynay boshladi.

— Urim va Tummim! — hayratlandi yevropalik.

Santyago shoshilib ularni yashirdi.

— Sotilmaydi, — dedi u.

— Bilaman, ular qimmat turmaydi, — javob qildi yevropalik, — oddiy shaffof toshlar, hech qanday xislati yo’q. Dunyoda bunday toshlar millionlab topiladi, biroq sinchkov odamgina Urim va Tummimni darrov payqaydi. Ammo men ularning bu o’lkalarda ham uchrashiga shubhalanmagandim.

— Menga ularni podshoh sovg’a qildi, — javob berdi bo’zbola.

Muhojir, go’yo tildan qolganday, bo’shashgan qo’li bilan cho’ntagidan, xuddi Santyagonikiday, ikkita tosh oldi.

— Sen podshoh bilan gaplashdingmi? — deb yubordi u.

— Ha-da, podshohlarning cho’ponlar bilan gaplashishini sen tasavvur qilishing qiyin, — dedi Santyago. Endi uning gurungni davom ettirish xohishi yo’qolgandi.

— Yo’q, nega endi. Axir, birinchi bo’lib Podshohni cho’ponlar tan olishgan, bu payt Uni hali dunyoda hech kim bilmasdi. Ayni podshohlarning cho’ponlar bilan muloqotining o’zida hech bir ajablanarli hol yo’q, — dedi angliyalik va bo’zbola tushunmadi shekilli degan xavotirda qo’shib qo’ydi: — Bu haqda Injilda o’qisa bo’ladi, o’sha, men Urim va Tummim haqida o’qib bilgan kitobda. Tangri faqat mana shu toshlar bilan fol ochishga izn bergan. Kohinlar ularni oltin ko’krak siparida olib yurishgan.

Endi Santyago omborga kelganiga afsuslanmayotgan edi.

— Ehtimol, bu belgidir, — angliyalik ovoz chiqarib fikrlayotganday gapirdi.

— Kim senga belgilar haqida aytdi? — Santyagoning qiziqishi daqiqa sayin ortib borardi.

— Dunyodagi borki narsalar — belgilar, — dedi angliyalik, jurnalini chetga qo’yib. — Qadim-qadimda odamlar bir tilda gaplashishgan, keyin esa bu tilni unutishgan. Mana shu Umum Tilini men izlayapman. Shu bois bu yerdaman. Men shu Umum Tilini biladigan odamni topishim kerak. Alkimyogarni.

To’ladan kelgan arab — ombor egasining paydo bo’lishi bilan ularning suhbati bo’linib qoldi.

— Omadlaring bor ekan, — dedi arab. — Bugun tushdan so’ng karvon El-Fayumga yo’l oladi.

— Biroq men Misrga borishim kerak! — tashvishlanib xitob qildi Santyago.

— El-Fayum Misrda-da. Sen o’zing qaerliksan?

Santyago Ispaniyadanman, deb javob qildi. Angliyalik xursand bo’ldi: arabcha kiyingan bo’lsa-da, o’zi yevropalik ekan.

— U belgilarni omad, deb ataydi, — dedi u, xo’jayin chiqib ketgach. — Agar men “omad” va “tasodif” so’zlari haqida kitob yozishga kirishsam, qalingina qomus yuzaga kelardi. Umum Tili aynan shu so’zlardan tashkil topgan.

Shunday deb, u o’zining Santyago bilan uchrashgani, aytgancha, undayam Urim va Tummim bor ekan, bu shunchaki oddiy tasodif emasligini qo’shib qo’ydi. Keyin bo’zboladan mabodo Alkimyogarni qidirayotganing yo’qmi, deb surishtirdi.

— Men xazinani izlayapman, — javob qildi u va xato qilganini payqab, tilini tishladi.

Biroq angliyalik uning gapiga, aftidan, ahamiyat bermadi shekilli, faqat:

— Qaysidir ma’noda — men ham, — dedi.

— Men alkimyoning nimaligini, ochig’i, yaxshi bilmayman, — dedi Santyago, biroq shu payt ombor egasining ularni chaqirgan ovozi eshitildi.

— Karvonga men sarbonlik qilaman, — dedi ularga hovlida soqoli ko’ksiga tushgan, ko’zlari qop-qora kishi. — Men bilan yo’lga chiqadiganlarning hayot-mamoti mening qo’limda bo’ladi, chunki sahro — telbatabiat kimsaday gap, odamlarni tez-tez aqlidan ozdirib turadi.

Ikki yuz choqli odam yo’l tadorikini ko’rishgan, ulovdan — tuyalar, otlar, eshaklar bundan sal kam ikki baravar ko’p. Angliyalikning kitob tiqib joylangan bir necha jomadoni bor ekan. Hovlida ayollar, bolalar va belidagi kamarlariga qilich osgan, kiftlarida uzun qurollari bor erkaklar to’pirlashib turishardi. Shovqin-suronning kuchliligidan Sarbon gapini bir necha marta takrorlashiga to’g’ri keldi.

— Bu yerga turli xil odamlar yig’ilishgan va ular har turli tangrilarga sig’inishadi. O’zim yolg’iz Ollohga sajda qilaman va Uning nomi bilan qasam ichaman: sahroni boz zabt etish uchun ilkimdagi borki imkonimni ishga solaman. Endi har qaysingiz o’z tangringizga sajda qilib, har qanday vaziyatda ham menga bo’ysunishga so’z beringiz. Sahroda sarkashlik qilish — halokatdir.

Past ohangdagi tovushlarning g’ala-g’ovuri ko’tarildi — bu o’z tangrilariga iltijo etayotganlarning tovushi edi. Santyago Iso Masih nomiga qasamyod qildi. Angliyalik sukut saqladi. Bu jarayon qasam ichishga ketadigan vaqtdan biroz cho’zildi — odamlar samodan himoya va xayrixohlik tilashardi.

Shundan so’ng burg’uning cho’ziq tovushi eshitildi va odamlar egarga minishdi. Santyago bilan angliyalik ham o’zlari sotib olishgan tuyalarga bir amallab minib olishdi. Bo’zbola yonidagi yo’ldoshi tuyasiga kitob joylangan og’ir jomadonlarni rosa yuklaganini ko’rib, jonivorga ichi achidi.

— Ammo, aslida, hech qanaqa tasodifning o’zi yo’q, — go’yo allaqachongi gurungni davom ettirgan bo’lib dedi angliyalik. — Mening bu yerga kelishimning sababi, bir oshnam shunday arab haqida eshitgan ekan, u arab…

Biroq uning so’zlarini harakatga kelgan karvon shovqini yutib yubordi. Shunday esa-da Santyago angliyalikning muddaosini juda yaxshi bilardi: voqealarni bir-biriga bog’lab turadigan sirli zanjir bo’ladi. Ayni shu vosita uni qo’ychivonlikka boshladi, bir tushni ikki marta ko’rgani, Afrika qirg’oqlariga yaqin joyga borgani-yu bu shaharchada podshohni uchratgani, tovlamachiga duchor bo’lgani, billur sotadigan do’konga yollangani… hammasi shundan.

“O’z Yo’lingdan qancha uzoq ketsang, u hayotingni shu qadar izchil belgilaydi”, — o’yladi bo’zbola.

Karvon sharqqa yo’l tortdi. Sahar palla yo’lga chiqilar, quyosh chosh tepaga kelganda dam olish uchun to’xtalar, jazirama issiq biroz tushgach, yana yo’lda davom etilardi. Santyago angliyalik bilan kam gaplashdi — muhojir boshini kitobdan deyarli uzmasdi.

Bo’zbola churq etmay ko’p sonli yo’ldoshlarini kuzatib borardi. Endi ular safar arafasidagi safardoshlariga o’xshamasdi. O’shanda yugur-yugur avjiga mingan: baqiriq-chaqiriq, bola yig’isi va otlarning kishnashi, savdogaru tuyakashlarning hovliqqan, hayajonli ovozlariga qorishib ketgandi. Bu yerda, sahroda esa jimjitlikni doimiy shamolning hushtagi-yu ulovlar tuyog’i ostidagi qumning g’ijirlashigina buzardi. Hatto tuyakashlar ham sukut saqlashardi.

— Men bu qumliklardan ko’p o’tganman, — dedi bir oqshom tuyakashlardan kimdir boshqasiga. — Biroq sahro shunaqangi ulug’ va shunaqangi tilsimki, bexosdan o’zingni qum zarrasiday g’arib his eta boshlaysan. Qumning zarrasi esa gungu kar.

Santyago, sahroda birinchi marta bo’layotgan esa-da, tuyakashning nima haqda gapirayotganini tushundi. Uning o’zi ham, dengizga yoki olovga, soatlab bir so’z aytmasdan, hech nimani o’ylamasdan, xayolan bu unsurlarning mislsiz qudratiga tamom asir bo’lganday, termilib o’tira olardi.

“Men qo’ydan saboq oldim, billurdan saboq oldim, — o’yladi u. — Endi meni sahro o’qitadi. Sahro, meningcha, eng ko’hnasi, sahro — men oldin ko’rganlarim orasida eng donishmandi”.

Shamol esa bu yerda bir nafas ham tin olmas va Santyago Tarifdagi minorada turib uning kuchini qanday his etganini esladi. Andalusiya yaylovlarida o’t va suv izlab izg’igan qo’ylarining junini yengil hilpiratib to’zdiradigan mana shu shamol bo’lishi kerak.

“Endi ular meniki emas, — o’yladi u ortiq g’am chekmay. — Meni unutishgan hamdir, ehtimol, yangi cho’ponga o’rganib qolishgandir. Bo’lganicha bo’lar. Qo’ylar, xuddi u yerdan bu yerga ko’chib-kezib yuradigan odamlarday, ayriliq ham bir zarurat ekanini bilishadi.”

Shu payt uning yodiga movutchining qizi tushdi — harqalay, u er qilib ketgan bo’lsa kerak. Kimga chiqqan ekan? Makkabodroq sotuvchiga tekkanmikan? Yoki kitob o’qishni biladigan va g’aroyib sarguzashtlar aytib beradigan cho’ponga tegdimikan — Santyagodan boshqa ham bor bundaylar. Shunday bo’lganiga negadir ishonchi komilligi bo’zbolaga kuchli ta’sir o’tkazdi: ehtimol, u Umum Tilini egallagan va endi dunyodagi barchaning buguni va o’tmishini bilar? “Ko’ngil sezishi” — bu qobiliyatni uning onasi shunday atagan edi. Endi u tushunardi, bu — jamiki odamlarning taqdirlari o’zaro bog’langan bani bashar tiriklik oqimiga shiddat bilan ruhan cho’mish. Zero, bizga hammasini bilmoq imkoni inoyat etilgan, shu bois ham hammasi allaqachon yozib qo’yilgan

— Maktub, — deb yubordi bo’zbola, billur sotuvchini eslab.

Gohida sahro qumi kutilmaganda tosh-metinga aylanardi. Mabodo karvon xarsangtosh oldidan chiqib qolsa, uni aylanib o’tar, agar toshloq joyga duch kelsa, chetlab yurardi. Qumi juda yumshoq va mayda bo’lgan, tuyalarning tovoni botib qoladigan joyda boshqa yo’l izlashga to’g’ri kelardi. Ba’zan sho’rxok yerda oyoq bosish lozim bo’lar — demak, bu joyda bir zamonlar ko’l bo’lgan — shunday paytda yuk ortilgan jonivorlar ozorlanib o’kirar, kishnardi. Tuyakashlar yerga tushib, ularni silab-siypab tinchlantirar, keyin yukni o’z yelkalariga tashlab olar va yo’lning bu g’irrom qismidan o’tib olishgach, yuklarni tag’in tuya va otlarga ortishardi. Mabodo tuyakashlardan kimdir og’rib yoki o’lib-netib qolsa, birodarlari qur’a tashlab uning tuyalarini kim tortishini aniqlashardi.

Bularning hammasiga bitta sabab bor edi: karvon qancha yo’l bosmasin, yo’lini necha martalab o’zgartirmasin, baribir manzil sari intilar edi. To’siqlarni yengib o’tib, vohaning qaerdaligini ko’rsatib turgan yo’lchi yulduzga qarab yo’l olardi. Azon mahali osmonda yarqiragan yulduzga qarab, odamlar o’zlarini bu yulduz salqin joylarga, suvga, xurmozor va hordiq oladigan manzil sari eltayotganini bilishardi. Faqat yolg’iz angliyalik kitobdan bosh ko’tarmas, go’yo hech nimani payqamayotganday edi.

Santyago ham safarning dastlabki kunlarida kitob o’qishga urinib ko’rdi. Biroq keyin tevarak-atrofga qarab, shamolning nag’masiga quloq tutib ketish bu mashg’ulotdan ko’ra qiziqroq ekanini payqadi. U tuyasining fe’lini o’rgandi. Unga bog’lanib qoldi, keyin umuman kitobdan voz kechdi, ortiqcha yuk, deb hisobladi. Shunday esa-da, qachon kitob ochib ko’z yugurtirsa unda, albatta, biror-bir qiziqarli gap topilishiga ishonardi.

U yonida kelayotgan tuyakash bilan ora-sira gaplashib, oshno bo’lib oldi. Kechqurunlar, dam olish uchun qo’nishib, gulxan tevaragida o’tirishganda, Santyago o’zining qo’ychivonlik hayotidan turli voqealarni so’zlab berardi.

Bir safar tuyakash o’zi haqida gap boshladi:

— Men El-Qayrum yaqinidagi qishloqchada yashardim. Uyim, bog’im, bolalarim bor edi va umrimning oxirigacha bekami-ko’st yashasam bo’lardi. Bir yili, o’shanda hosil juda mo’l bo’ldi, yaxshi daromad qildik va butun oila a’zolarimiz bilan hatto Makkaga bordik— nasib etib musulmonlik farzini ado etdim va endi ko’ngilni xotirjam qilib, qazoyimni kutsam bo’lardi. Yaratganga shukronalar aytardim.

Biroq kunlarning birida yer qalqidi va Nil qirg’oqlaridan toshdi. Beziyonday tuyulgan bu ofat menga ham ziyon yetkazdi. Qo’shnilar zaytunzorlarini toshqin yuvib ketishidan tashvishga tushib qolishdi, xotinim bolalardan xavotirlandi. Boru budimizdan ayrilib qolayotganimizni ko’rib turib dahshatga tushdim.

Shundan so’ng yer hosil bermay qo’ydi— tirikchilikning boshqa yo’lini qidirishimga to’g’ri keldi. Shu bois men tuyakashlikni kasb qildim. O’shanda menga Ollohning: noayonlikdan cho’chimangiz, zotan, har kim o’z xohish-istagiga yarashasini olgay, nimagaki muhtoj esa unga yetishgay, degan kalomining ma’nosi ayon bo’ldi.

Hammamiz ham bor narsalarimizni— bu ekin-tikin bo’ladimi yoki hayotimizmi— yo’qotib qo’yishdan qo’rqamiz. Biroq bu qo’rquv vaqtinchalik, ammo bir narsani tushunib yetish lozimki, bizning qismatimizni ham, olam taqdirini ham bitta qo’l bitgan.

Ba’zan yo’lda ikkita karvon duch kelib qolardi. Shunda bir karvondagi yo’lovchilarda ikkinchisidagi odamlar muhtoj bo’lgan narsalar topilmay qolmasdi. Chindan ham bu olamdagi kechmishlar bari bir qo’l bilan bitilganday go’yo. Tuyakashlar bir-biriga qum bo’ronlari haqida gapirib berishar va gulxanni qo’rg’alab o’tirishib, o’zlari kuzatgan sahroning injiqliklaridan gurunglashardi.

Gohida gulxan atrofidagi gurungga chetdan g’alati-g’alati badaviylar ham kelib qo’shilardi, ular karvon borayotgan yo’lni ipidan ignasigacha bilishardi. Ular qaerda qaroqchilardan va johil qabilalardan ehtiyot bo’lish kerakligini uqtirishar, keyin esa qanday paydo bo’lishgan bo’lsa, xuddi shunday zim-ziyo tunga singib jimgina g’oyib bo’lishardi.

Shunday oqshomlardan birida Santyago bilan angliyalik o’tirgan gulxan oldiga tuyakash keldi.

— Qabilalar o’rtasida urush bo’layotganmish, xabar kelayapti, — darakladi u.

O’rtaga cho’kkan og’ir jimlikdan Santyago chindan xavotir paydo bo’lganini his etdi. U yana bir bor so’zsiz Umum Tilini tushuna olishiga ishonch hosil qildi.

Jimlikni, bu xatar karvon uchun qanchalik xavotirli ekanini aytib, angliyalik buzdi.

— Sahro ichkarisiga kirganingdan so’ng, tamom, orqaga yo’l yo’q, — javob qildi tuyakash. — Demak, faqat oldinga yurish kerak. Qolgani Ollohning qo’lida, Uning o’zi bizni balo-qazodan asraydi. Maktub, — deb gapiga sirli so’zni qo’shib qo’ydi-da, nari ketdi.

— Karvonning ahvoliga e’tiborsiz qarab, sen noto’g’ri qilayapsan, — dedi Santyago angliyalikka. — Zehn solib qara: qancha aylanma yo’llardan yurmasin, karvon baribir manzildan chalg’imay ketayapti.

— Sen esa kitob o’qimay bekor qilayapsan, dunyo nima,

dunyoda nimalar bo’layapti — bexabar qolayapsan, — javob qildi angliyalik. — Bu ma’noda kitoblar karvonlarga o’xshaydi.

Odamlar endi, xuddi ulovlarday, qichab yurishardi. Agar oldinlari ular kunni jim yurib o’tkazishgan, faqat dam olishga qo’nishganda gulxan atrofida gurunglashgan bo’lsa, endi oqshomlari ham churq etishmasdi. Sarbon gulxan yoqishni man etdi: olov qaroqchilar e’tiborini tortishi mumkin.

Sovuqdan saqlanish uchun yo’lovchilar tuyalar va otlarni qo’rg’alab terib qo’yishar, o’zlari esa shu doiraning ichida uymalashib cho’zilishardi. Sarbon qo’riqchilar tayinlardi, ular qo’llarida qurol bilan qo’nalg’ani qo’riqlashardi.

Bir oqshom angliyalikning uyqusi qochdi. U Santyagoni chaqirdi va ular qo’nalg’a atrofida aylanib yurishdi. To’lishgan oy nur sochib turardi va Santyago unga o’zining butun kechmishini aytib berishga qaror qildi.

Uning ko’rgan-kechirganlaridan angliyalikka, ayniqsa, billur sotiladigan do’konda savdo-sotiqning bo’zbola ishlay boshlagach qizib ketgani juda ma’qul bo’ldi.

— Mana, dunyoni harakatlantiradigan kuch, — dedi u. — Alkimyoda bu Olam Qalbi deb ataladi. Agar biror narsani butun borlig’ing bilan xohlasang, shunda Olam Qalbiga uyg’unlashasan. Unda esa juda katta qudrat mujassam.

Shunday deb u qo’shib qo’ydi: qalb faqat odamlarga xos xususiyat emas, olamdagi jamiki unsurlarda — u toshmi, giyohmi, hayvon yoki hatto fikrmi — barisida qalb bor.

— Barchasi, yerda neki mavjud, doimo o’zgarib turadi, chunki yerning o’zi — tirik va qalbga ega. Biz hammamiz shu ulkan Qalbning qismlarimiz, shuning uchun o’zimizga, uning mudom ezgulik qilishi haqida, hisob bermaymiz. Ammo sen, o’sha do’konda ishlagan paytingda billur omadingga imkon tug’dirganini tushunishing kerak edi.

Santyago miq etmay goh oyga, goh oppoq qumga qarab qo’yib, uning gaplarini eshitdi.

— Men karvonning sahroda qanday yurishini ko’rdim, — dedi u nihoyat. — Karvon sahro bilan bir tilda muomala qiladi, shuning uchun ham sahro uning yo’lini ochib qo’yadi. Sahro uning har bir qadamini nazorat qiladi va sinovdan o’tkazadi, agarda o’zi bilan uyg’unligiga ishonch hosil qilsa, uni vohaga o’tkazadi. Bu tilni bilmagan kishi, qanchalik jasur bo’lmasin, safarning boshidayoq halok bo’ladi.

Endi ular ikkalasi ham oyga qarashardi.

— Bu o’sha belgilar sehrining ayni o’zi, — davom etdi Santyago. — Men tuyakashlarning sahro belgilarini qanday uqishlarini ko’rdim — karvon qalbining sahro qalbi bilan sirlashishi bu.

Uzoq jim turganidan so’ng, nihoyat angliyalik so’z qotdi:

— Ha, aftidan, karvonga zehn solib qarashim kerakka o’xshaydi.

— Men esa sening kitoblaringni o’qishim kerak, — javob qildi bo’zbola.

Bu kitoblarni tushunish qiyin edi. Ularda simob va tuz, podshohlar va ajdaholar haqida yozilgandi, biroq harchand urinmasin Santyago hech nimani tushunmadi. Shunday esa-da, baribir, hamma kitoblarda takrorlanadigan bir fikrni u anglab yetdi: olamdagi barcha mavjud unsurlar — ayni bir narsaning turli-tuman ko’rinishlaridir.

Bitta kitobdan u alkimyo haqidagi eng muhim ma’lumotlar — zumrad sathiga chizilgan sanoqli satrlarda ekanini bilib oldi.

— Bu “Zumrad Lavhasi” deyiladi, — dedi angliyalik, yo’ldoshiga bilmagan narsalarni o’rgata olishidan mamnun bo’lib.

— Unda buncha kitobning nima keragi bor?

— Mana shu sanoqli satrlarni tushunish uchun, — dedi angliyalik o’ziga unchalik ishonqiramagan ohangda.

Santyagoni, ayniqsa, mashhur alkimyogarlar haqida hikoya qilingan kitoblar qiziqtirdi. Ular laboratoriyalarda metallarni tozalashga umrlarini bag’ishlagan kishilar edi: agar biror-bir metalga uzoq yillar mobaynida ishlov berilaversa, oxir-oqibat o’z xususiyatini yo’qotadi va bu unsur Olam Qalbiga molik bo’ladi, deb ishonishardi ular. Va shunda donishmandlar yer yuzida mavjud har qanday unsurning mohiyatini anglab yetadilar, zotan, Olam Qalbi bu unsurlar o’zaro muloqot qiladigan o’sha tilning ayni o’zi. Ular bu kashfiyotni Ulug’ Ijod deb atashadi, u esa ikki: qattiq va suyuq unsurlardan tarkib topgan.

— Bu tilni egallash uchun odamlar va belgilarni o’rganishning o’zi yetarli emasmi? — bilgisi kelib so’radi Santyago.

— Yuzaki qarashga bunchalik o’ch bo’lmasang! — toqatsizlanib javob qildi angliyalik. — Alkimyo — jiddiy fan. Bu fan har bir harakating donishmandlarning yo’l-yo’riqlariga to’la-to’kis muvofiq bo’lishini talab qiladi.

Bo’zbola Ulug’ Ijodning suyuq unsuri Obi-hayot deb atalishini, u alkimyogar umriga umr qo’shishidan tashqari, hamma kasalliklarga davo ekanini bildi. Qattiq unsur — bu Iksir.

— Uni topish oson emas, — dedi angliyalik. — Alkimyogarlar ko’p yillar laboratoriyalarida metalga ishlov berish uchun ter to’kishadi. Ular mudom olovga tikilishadi, o’z mashg’ulotlari bilan band bo’lib, tiriklik tashvishlarini unitishadi va bir kun kelib metalni tozalab o’zlari ham poklanishganini payqashadi.

Shunda Santyago billur sotuvchining: idishlarni yuvganingda o’zingning ruhing ham ortiqcha illatlardan tozalanadi, degan gapini esladi. Bo’zbola alkimyoga kundalik turmushda ham o’rgansa bo’lishiga tobora ishonch hosil qilardi.

— Bundan tashqari, — davom etdi angliyalik, — Iksir g’aroyib xususiyatga ega: uning bir ushog’i ham xohlagan hajmdagi metalni oltinga aylantira oladi.

Bu gapni eshitgandan so’ng Santyagoning alkimyoga qiziqishi juda oshdi. Faqat ozgina sabr-toqat kerak, shunda xohlagan narsani oltinga aylantirsa bo’ladi, deb o’yladi u. Axir, u mana shu ishni uddalashgan donishmandlar: Gelvetsiy, Elias, Fulkanelli, Geber haqida o’qigan, o’qiganlari uni hayajonga solgan. Bu odamlar o’z Yo’llarini oxirigacha bosib o’tishgan. Ular dunyo kezishgan, allomalar bilan uchrashishgan, olam sirini bilib bo’lmaydi, degan skeptiklarni lol qoldirish uchun mo’’jizalar yaratishgan, chunki — eng muhimi — ular oxir-oqibat Iksir va Obi-hayotni o’z qo’llariga olish imkoniga ega bo’lishgan.

Biroq Santyago Ulug’ Ijod nimaligini kitoblardan bilib olishga uringanida boshi berk ko’chaga kirib qoldi: ular ko’plab almoyi-aljoyi suratlardan tashqari, nuqul oldi-qochdi gaplar bilan ham to’lib-toshgan edi.

— Nega alkimyogarlarning ishlari bu qadar chalkash-chulkash? — so’radi bo’zbola bir kuni oqshom o’zining kitoblarini o’qiy olmay zerikib o’tirgan angliyalikdan.

— Chunki ularni tushunish imkoni alkimyo bilan bog’liq jarayonlarning butun mas’uliyatini anglaydigan kishilargagina berilgan. Tasavvur qilib ko’r, agar xohlagan odam cho’yanni oltinga aylantiraversa nima bo’lishini. Tez orada oltinning qadri cho’yan bilan tenglashadi. Qat’iyatli va bilimdonlargagina Ulug’ Ijod sirlari nasib etdi. Shuning uchun men hozir bu yerda, sahroning o’rtasidaman. Men sirli yozuvni o’qiy oladigan chin alkimyogarni uchratishim kerak.

— Bu kitoblar qachon yozilgan?

— Ko’p asrlar burun.

— Axir, o’sha paytlar bosmaxonalar bo’lmagan-ku. Qadimda ham, hozir ham — baribir alkimyoni duch kelgan odam egallay olmagan. Shunday ekan, nima uchun bu kitoblar bunaqa murakkab tilda yozilgan, suratlari nega g’alati?

Angliyalik javob bermadi. Faqat keyincha, biroz jimlikdan so’ng: necha kundan beri karvonni sinchiklab kuzatayapman, biroq hech qanday yanglikni payqamadim, dedi. Faqat qabilalar o’rtasida janglar bo’layotgani tez-tez quloqqa chalina boshladi.

Oradan bir necha kun o’tib, Santyago angliyalikka kitoblarini qaytardi.

— Xo’sh, nimalarni tushunding endi ulardan? — yarim hazil, yarim umid ilinjida so’radi angliyalik: tashvishli o’y-xayollardan chalg’ishi uchun uning kim bilandir gurunglashgisi keldi.

— Tushunganim shu bo’ldiki, olamning qalbi bor ekan va kimda kim bu qalbga uyg’unlasha bilsa, mavjudlikning tilini tushunarkan. Tag’in shuni tushundimki, ko’pgina alkimyogarlar o’z Yo’lini topishgan va Olam Qalbi, Iksir hamda Obi-hayotni kashf etishgan, — dedi Bo’zbola va biroz jim turgach, qo’shib qo’ydi: — Eng muhimi, bular bari shu qadar oddiyki, hammasi jajji zumrad sathiga sig’arkan.

Angliyalikning kayfiyati buzildi. Na o’zining uzoq vaqt o’qiganiyu na timsollar, na dono kalomlaru na turli-tuman kimyoviy tajribada ishlatiladigan idishlar — birortasi Santyagoda hech qanday taassurot uyg’otmagan edi.

“U juda sodda ekan, shu bois tushunmaydi”, — o’yladi angliyalik, keyin kitoblarini yig’ib, tuyaga ortilgan jomadonlariga joyladi.

— Endi o’zingning karvoning bilan shug’ullanaver, — dedi u. — Menga ulardan, xuddi senga mening kitoblarimdan yuqmaganiday, zig’ircha zang yuqqani yo’q.

Santyago tag’in sahro sukunatini tinglamoqqa va qumning tuyalar tuyoqlarida to’zg’iyotganini kuzatmoqqa kirishdi.

“Har kimning o’zining o’qib-o’rganish usuli bor, — o’yladi u. — Unga meniki to’g’ri kelmaydi, meniki esa — unga. Biroq har ikkalamiz ham o’z yo’limizni qidirayapmiz va faqat shuning uchungina uni hurmat qilmaslik qo’limdan kelmaydi”.

Quyosh ufqdan bosh ko’tara boshlaganda Santyago uyg’ondi. Tunda yulduzlar jilvalangan tomonda endi son-sanoqsiz xurmo daraxtlari ko’zga ilinar, go’yo butun sahroni xurmozor bosib ketganday tuyulardi.

— Yetib keldik! — hayqirdi hozirgina uyqudan turgan angliyalik.

Santyago jim turdi. Buni u sahrodan o’rgangandi, endi daraxtlarga jimgina qarashning o’zi kifoya qilardi. Ehromlargacha hali uzoq. Vaqti kelib bu tong ham uning uchun bir xotiraga aylanadi. Biroq hozir, Sarbon o’rgatganday, u ayni daqiqalar uchun yashayotir, shundan sevinayotir va bu xushbaxt onlarni u o’tkan kunlar xotiralari, kelajak haqidagi orzu-umidlari bilan bog’lashga urindi. Ha, hali bir kun kelib bu ming bir xurmo daraxti ham xotiraga aylanadi, biroq ayni lahzalarda xurmozor soya-salqinni, suv va xavfsizlikni va’da qilib turibdi. Xuddi tunda tuyaning o’kirgani dushman yaqinlab qolganini daraklaganday, qator-qator xurmo daraxtlari azob-uqubatdan xalos etadigan mo’’jizadan darak berardi.

“Dunyo ko’p tillarda tillashadi”, — o’ylardi Santyago.

“Vaqt tez o’tayotgan paytda karvonlar ham jadal odimlaydi”, — o’yladi Alkimyogar, vohaga kirib kelayotgan yuzlab odamlar va ulovlarga qarab.

Bu yerdagilarning va karvon bilan kelganlarning shovqini eshitildi, ko’tarilgan chang-to’zon quyoshning betini qopladi, bolalar begonalarni ko’rib irg’ishlar, vijillashardi. Alkimyogar qabila boshlig’ining Sarbonga yaqinlashib kelganini va u bilan uzoq suhbatlashganini kuzatib turdi.

Biroq bu olatasir uni qiziqtirmasdi. Qancha odamlar kelib ketmadi, voha ham, sahro ham o’sha-o’sha — mangu va bir zayl. Bu qumlarga shohlarning ham, gadolarning ham qadam bosganini u ko’rgan, garchi shamolning kuchidan o’z shaklini o’zgartirib tursa-da, qumlar ham aslidagiday — Alkimyogar bolaligida qanday ko’rgan bo’lsa o’shanday. Shunday esa-da, zangori osmon va sariq qumni ko’raverib zerikkan har qanday sayyohning ko’ziga xurmo daraxtining yashil shox-barglari ko’ringanda ko’ngilga inadigan sevinch hozir uning ham yuragiga ko’chdi.

“Ehtimol, tangri sahroni yaratganda, odam daraxtlarga kulib, xursand bo’lib qarasin degandir”, — o’yladi u.

Keyin u nigohini aniq narsalarga qaratishga chog’landi. U bilardi — buni belgilar unga ayon etgandi — ayni shu karvon bilan o’zining pinhona bilimlarining bir qismini ulashishi lozim bo’lgan odam kelayotganini. Garchi Alkimyogar bu odam bilan tanish bo’lmasa-da, sinchkov nazari bilan olomonning ichidan uni tanib olishiga ishonchi komil edi va u o’zining o’tmishdoshidan kam emasligiga umidlanardi.

“Tushunolmayman, nima uchun bilgan narsalarimning hammasini unga sirli tarzda ma’lum qilishim kerak, — o’yladi u. — Buni aslida sir deyish ham qiyin, zotan, Tangri o’zining sirlarini jamiki mavjudotga bemalol oshkor etadi”.

Alkimyogar buning bitta izohini topdi: avloddan avlodga o’tkazish lozim bo’lgan narsa — bu Sof Hayot hosilasidirki, uni so’zlarda yoki rasmlarda tasvirlab bo’lmaydi. Odamlar esa, so’zlar va rasmlarga berilib ketib, oxir-oqibat Umum Tilini unutishga moyil bo’lishadi.

Karvon bilan kelganlarni darhol mahalliy qabila boshliqlariga olib kirishadi. Santyago o’z ko’zlariga ishonmadi: voha deganlari, tarix kitoblarida yozilganday, ikki-uchta xurmo daraxtiyu quduqdangina iborat emas, balki ayrim ispan qishloqlaridan ko’ra xiyla katta joy ekan. Quduqlarning o’zi bu yerda uch yuz chog’li, xurmo daraxtlari — besh mingtacha, ularning orasida esa turli rangdagi son-sanoqsiz chodirlar bor.

— “Ming bir kecha”, — dedi angliyalik, u Alkimyogar bilan uchrashishni toqatsizlanib kutayotgandi.

Shu zumdayoq ularni otlarga, tuyalar va odamlarga qiziqsinib qarayotgan bola-baqralar qo’rg’alashdi. Erkaklar yo’lovchilardan sahroda janglarni ko’rdinglarmi, deb so’rashsa, ayollar savdogarlardan qanday matolar, taqinchoqlar olib kelishganini bilishga oshiqardi. Sahroning o’lik sukunati endi tushdagiday tuyular — g’ala-g’ovur avj olgan, kulgi, qiyqiriqlar quloqqa chalinar, go’yo yo’lovchilar sahroda jonsiz-tansiz arvohlarday yurishgan bo’lsa, endi tag’in etli, suyakli odamlarga aylanishganday. Ular mamnun va xushbaxt edilar.

Sarbon Santyagoga vohaning hech qachon tayin bir egasi bo’lmaganini, chunki bu yerda ayollar va bolalargina qo’nim topishganini tushuntirdi. Ular biror-bir tarafning yonini olishmas, jangchilar esa sahro qumlarida jang qilishar, vohani chekinganda jon saqlaydigan pana joy, deb bilishardi.

Sarbon yo’lovchilarni qiyinchiliksiz yig’ib, qabilalar o’rtasidagi janglar tugaguncha karvon vohada qolishini e’lon qildi. Yo’lovchilar, urf-udumga ko’ra, qo’noq olishga hozir mahalliy kishilarning chodirlaridan joy topishadi, dedi u. Shundan so’ng Sarbon quroli borlar qurollarini topshirishini so’radi. Oqshomlari karvonni qo’riqlaganlar ham bundan chetda qolmadi.

— Urushning qoidasi shunday, — tushuntirdi u. — Voha askar yoki jangchilarni qabul qila olmaydi.

Angliyalik cho’ntagidan xromlangan to’pponchani chiqarib, qurol yig’uvchiga berganda Santyago juda hayron qoldi.

— To’pponchaning senga nima keragi bor? — so’radi bo’zbola.

— Odamlarga ishonishga ko’nikish uchun, — dedi angliyalik, uning kayfiyati chog’ edi, chunki uzoq yo’l bosib izlayotganini yaqin-orada topishiga ishonardi.

Santyago esa qidirayotgan xazinasini o’ylardi. Orzusiga yetishishga yaqin qolgani sayin yo’lida qiyinchiliklar tobora ortib borayotir. Podshoh Malkisidqning “boshlovchilarga omad yor bo’ladi”, degan hikmati ham amal qilmay qo’ydi, najot faqat, uning tushunishicha, o’z yo’lini qidirayotgan insonning qat’iyati va jasurligiga bog’liq. Shu bois, u shoshilishi befoydaligini bilar, sabr-toqatidan voz kecholmas, aksincha bo’lganda, Tangrining uning yo’liga qo’ygan belgi-alomatlarini payqamay o’tib ketishi mumkin edi.

“Tangri hammasini joy-joyiga qo’ygan”, takrorladi u ichida, bu fikrdan ajablanib. Hanuzgacha unga bu belgilar, ocharchilik yoki tashnalik, sevgi azobi yoki mehnat kabi, olamning bir bo’lagiday tuyulardi. Tangrining u bilan muloqotga kirishadigani, undan nimani istayotganini bildiradigani shu til ekani uning xayoliga kelmasdi.

“Shoshilma, — dedi u o’ziga. — Tuyakashning gapi gap: ovqat mahali ovqatingni yegin, vaqt-soati yetganda — yo’lga chiq”.

Vohaga yetib kelishgach, birinchi kun yo’lovchilar, angliyalik ham, uyqudan to’yib oldi. Santyagoni o’zi tengi besh nafar bola bilan bir chodirga joylashtirishdi. Ularning bari mahalliy bolalar edi, shu bois ular katta shaharlardagi hayotni so’rab bilishga qiziqishardi.

U o’zining qo’y boqqanini aytib, endi billur do’konidagi ishlaridan gap ochmoqchi bo’lganida chodirga angliyalik kirib keldi.

— Ertalab seni rosa qidirdim, — dedi u, Santyagoni tashqariga olib chiqib. — Sen menga keraksan. Alkimyogarni topishimga yordam ber.

Ikki kun ular Alkimyogarni alohida-alohida qidirishdi, o’zlaricha uni boshqalardan farqli yashaydi, chodirida, albatta, tunu kun olov yonib turadi, deb o’ylashgandi. Bu yerdagi chodirlar ular chamalagandan ko’ra bir necha baravar ko’p ekanini anglaguncha, ikkalasi vohani boshdan-oyoq izg’ib chiqishdi — vohada yuzlab chodirlar tikilgan edi.

— Butun bir kun bekorga ketdi, — dedi angliyalik, quduqlardan birining oldida cho’nqayib o’tirarkan.

— Odamlardan so’rab-surishtirish kerakmidi u haqda, — dedi Santyago.

Biroq angliyalik ikkilandi — u o’zining shu yerdaligini oshkor etgisi kelmasdi. Oxir-oqibat u bunga rozi bo’ldi va arabchada yaxshi

gapiradigan Santyagodan Alkimyogarni daraklab chiqishni so’radi. Bo’zbola meshini suvga to’ldirib olish uchun quduqqa kelgan ayolga so’z qotdi.

— Yaxshimisiz, xonim. Aytolmaysizmi, Alkimyogarni qaerdan topsak bo’ladi? — so’radi u.

Ayol bu nomni hech qachon eshitmaganini aytib, ketishga shoshildi. Bungacha esa Santyagoni ogohlantirib, urf-odatlarni hurmat qilishini, qora libosdagi erli ayollarga gap qotmasligini uqtirdi.

Angliyalikning hafsalasi pir bo’ldi. Shuncha yo’l bosib kelsayu, hammasi yo’qqa chiqsa! Bo’zbolaning ham uni ko’rib ko’ngli sovidi — axir, yo’ldoshi O’z yo’lini izlayotir. Bunday paytda, Malkisidq aytishicha, Olam odamga ko’makka keladi, orzuyi ushalishi uchun lozim bo’lgan yordamni beradi. Nahotki, keksa podshoh adashgan bo’lsa?

— Men burun hech qachon alkimyogarlar haqida eshitmaganman, — dedi u. — Bilganimda senga yordam qilishga urinib ko’rardim.

Angliyalikning ko’zlari chaqnadi.

— Shunday demaysanmi! — qichqirdi u. — Bu yerda uning Alkimyogarligini hech kim bilmaydi! Har qanday kasallikni davolay oladigan odam bormi, deb so’rash kerak!

Shu payt qora libosda bir necha ayol quduqqa keldi, biroq Santyago, angliyalikning iltimosiga qaramay, ularga so’z qotmadi. Mana, nihoyat bir erkak kishi ko’rindi.

— Siz bilmaysizmi, bu yerda har qanday kasallikni davolay oladigan kishi bormi? — so’radi bo’zbola.

— Har qanday kasallikni faqat Olloh davolay oladi, — dedi u, kelgindilarga cho’chibroq alanglab qarab. — Jodugarlarni qidirayapsizlarmi?

U Qur’ondan bir necha oyatlarni pichirlab aytib, o’z yo’liga qaytib ketdi.

Biroz o’tgach, boshqa bir odam keldi; uning yoshi ulug’roq, qo’lida chelak bor edi. Santyago unga ham o’sha savol bilan murojaat qildi.

— Bunday odamlarning sizlarga nima keragi bor? — bilmoqchi bo’lib so’radi u.

— Mening oshnam uni ko’rish niyatida juda uzoq yo’l yurib keldi.

— Agar bizning vohada shunday odam bor bo’lsa, u nihoyatda qudratli kishi bo’lishi kerak, — dedi o’ylab turib qariya. — Hatto qabila boshliqlari ham xohlashgan paytda uning huzuriga yo’lay olmaydi. Ularni faqat o’zi istagan paytda qabul qiladi u. Urush tugaguncha kutinglar, keyin ketinglar bu yerdan. Bizning voha turmushiga aralashmaganlaring ma’qul.

Shunday deb u ketdi. Biroq angliyalik, Alkimyogarning izini topganini payqab, juda quvondi.

Quduqqa, nihoyat, qora libosdagi erli ayol emas, balki yelkasida ko’za bilan bir qiz bola keldi. Boshiga ro’mol o’ragan, yuzi ochiq edi. Santyago Alkimyogarni daraklamoqchi bo’lib, unga yaqinlashdi.

Va shunda — go’yo vaqt to’xtab qolganday bo’ldi, Olam Qalbi uning ko’z o’ngida o’zining butun kuch-qudrati bilan namoyon bo’ldi. Qizning qop-qora ko’zlariga, go’yo jilmayishni ham, jim turishni ham bilmayotganday himarilgan lablariga qarab, Santyago bir lahza ichida olam tillashadigan, jamiki odamlar so’zsiz, faqat yurak orqali muloqot qiladigan tilning eng qadrli, eng aqlli bo’lagini fahmlab yetdi. Uni Sevgi deb atashadi, u odam qavmidan-da qadimiy, sahrodan-da ko’hna. Er yigit va bo’y yetgan qiz ko’zlari to’qnashganda bu tuyg’u beixtiyor paydo bo’ladi — hozir, quduq oldida shu hodisa ro’y berdi.

Nihoyat, qizning lablari tabassumni ixtiyor etdi va bu belgi, ayni o’sha — Santyago o’zi bilmagan holda uzoq kutgan, qo’ylaridan, kitoblardan, billur va sahro sukunatidan qidirgan belgi edi.

Bu sof va tushunarli til edi, abadiyat sari yo’l solgan Koinot singari, tarjimaga, sharhu izohga ehtiyoj sezmaydigan so’zsiz zabon edi. Shu bir lahza ichida Santyagoning anglab yetgani shu bo’ldiki, u o’zining qallig’i qoshida turar va qiz ham buni so’zsiz anglab yetmog’i kerak edi. Bunga u zig’ircha shubha qilmas, bu ishonchi ota-onasining ra’yiga qarashdan, odatdagiday, sevganingdan keyin so’rab-surishtirib, sovchi qo’yib, qolaversa, to’yga oz-moz pul jamg’arib, shundan so’ng uylangan ma’qul, deydiganlarning nasihatidan ko’ra kuchli edi.

Biroq bunday maslahat beradigan kishi Umum Tilini bilmaydi, aksincha, bu tilga uyg’unlashganingda o’z-o’zidan ayon bo’ladi: sahroning qoq o’rtasidami yoki gavjum shahardami — doimo kimdir kimnidir kutadi, qidiradi. Ularning yo’llari tutashganda, ko’zlari ko’zlariga tushganda o’tmish ham, kelajak ham o’z mohiyatini tamom yo’qotadi, faqat mana shu bir lahza mavjud bo’ladi va bu yorug’ olamda kechadigan barcha kechmishlar faqat bitta qo’l tomonidan yozilganiga cheksiz ishonch barqaror bo’ladi. Bu qo’l qalbda muhabbat alangasini yoqadi va har bir inson uchun, mehnat qilayotgani, dam olayotgan yoki xazina qidirayotganidan qat’i nazar, unga xuddi o’zinikiday alangali qalbni muyassar etadi. Aksincha esa, odam qavmini iztiroblarga solguvchi orzu-niyatlarning zig’ircha ma’nisi qolmasdi.

“Maktub”, — o’yladi bo’zbola.

Angliyalik o’rnidan sakrab turdi va Santyagoni yelkasidan ushlab silkilay boshladi:

— So’rasang-chi, axir!

Santyago qizga yaqinlashdi. Qiz tabassum bilan u tomonga o’girildi va bo’zbola ham bunga javoban jilmaydi.

— Isming nima? — so’radi u.

— Fotima, — uyalinqirab javob qildi qiz.

— Men yashaydigan o’lkalarda ko’p ayollarning ismi shunday.

— Payg’ambarimizning qizining ismlari shunday ekan, — dedi Fotima. — O’sha uzoq o’lkalarga bu ismni bizning jangchilarimiz eltishgan.

Bu ma’suma va ko’rkam qizning so’zlari g’ururli jarangladi. Angliyalik betoqat bo’lib Santyagoni turtdi va bo’zbola qizdan har qanday kasallikni davolay oladigan odamni bilasanmi, deb so’radi.

— Bu odam dunyoning hamma siridan boxabar, — dedi qiz. — U sahro jinlari bilan muloqot qiladi.

Jin — bu iblis. Qiz bola janubga ishora qildi — ular qidirayotgan odam o’sha tarafda yashashini aytdi. Keyin ko’zasini suvga to’ldirib, ortiga qaytdi.

Angliyalik Alkimyogarni qidirib ketdi. Santyago esa quduq oldida uzoq xayol surib o’tirdi. Bir vaqtlar, o’zining yurtida yurgan paytlarda, sharqdan esgan shamol mana shu qizning muattar bo’yini unga olib kelar va u qizning mavjudligiga hecham shubha qilmay uni sevgan edi, bu sevgini, harqalay, yer yuzidagi borki xazinalardan ustun ko’rardi.

Ertasi kuni u tag’in quduqning boshiga keldi va qizni kutdi. Biroq bu yerda angliyalikni uchratib ajablandi, u birinchi bor sahroga sinchiklab nazar tashlayotgan edi.

— Men qorong’u tushguncha kutib o’tirdim, — dedi angliyalik. — Yulduzlar miltillab chiqa boshlaganda u paydo bo’ldi. Men unga nimani qidirayotganimni aytdim. U bo’lsa qo’rg’oshinni oltinga aylantirishni uddalay oldingmi, deb so’radi. Niyatim ham shuni o’rganish, deb javob qildim men. U tag’in urinib ko’rishimni maslahat berdi. Xuddi shunday dedi: “Borgin va urinib ko’rgin”.

Santyago jimib qoldi. Angliyalik shu bir og’iz, o’zi ham biladigan gapni eshitish uchun dunyoni kezib shuncha yo’l yurganmidi? Shunda o’zining qo’ylarini Malkisidqqa tekinga berganini esladi.

— Urinib ko’r-da! — dedi u.

— Urinmoqchiman. Hoziroq boshlayman.

Angliyalik ketdi, oradan hayal o’tmay ko’za ko’targan Fotima ko’rindi.

— Men senga faqat bitta gapni aytgani keldim, — dedi bo’zbola qizga murojaat qilib. — Mening qallig’im bo’lishingni xohlayman. Men seni sevaman.

Qiz qo’lidagi ko’zani tushirib yubordi, suv to’kildi.

— Men seni shu yerda kutaman. Men xazinani qidirib sahroni kezdim, xazina ehromlar turgan joyda. Biroq urush boshlanib qoldi. Avval men urushni la’natlagandim. Endi alqayapman, chunki urush sabab bo’lib men sening yoningga keldim.

— Urush ham bir kun tugar, — javob qildi qiz.

Santyago xurmo daraxtlariga nazar soldi. Bir paytlar u cho’pon edi, bu vohada esa qo’ylar serob. Fotima hamma xazinalardan-da aziz… Biroq qiz, go’yo bo’zbolaning fikr-o’ylarini uqqanday, davom etdi:

— Jangchilar xazinani qidirishadi. Sahro ayollari ular bilan g’ururlanishadi.

Keyin u ko’zasini suvga liq to’ldirib, ketdi.

Santyago har kuni quduq oldiga kelardi. U Fotimaga qo’y boqqanlarini, Malkisidq bilan qanday uchrashganini, billur sotganlarini gapirib bergan edi. Shu zayl ular inoqlashib olishdi. Qiz bilan o’n besh daqiqa suhbatlashgan vaqtni aytmaganda, har bir kun bo’zbola uchun bir yilday cho’zilardi.

Oradan bir oy o’tgach, Sarbon yo’lovchilarni jamladi.

— Urush qachon tugashi noma’lum, — dedi u. — Yo’lni davom ettirolmaymiz. Hali janglar to’xtamaydigan ko’rinadi, bir necha yilga cho’zilsa ham kerak. Bir-biriga g’anim bo’lgan qabilalarning har qaysisida jasur, kuchli jangchilar bor, har biri o’z nomusini boy bermaslik uchun maydonni tashlab ketmaydi. Bu yerda yaxshilar yomonlar bilan urushayotgani yo’q, bu yerda hokimiyat uchun jang qilishmoqda, bunday urushlar esa bir boshlansa uzoq vaqt to’xtamaydi, zero, Olloh ularga ham, bularga ham madadkor.

Odamlar tarqalishdi. Santyago Fotima bilan uchrashib, unga Sarbonning gaplarini yetkazdi.

— Uchrashganimizning ertasi kuniyoq, — dedi qiz, — sen menga sevgi izhor qilding. Keyin esa juda ajoyib narsalar — Umum Tili va Olam Qalbi haqida gapirding — men asta-sekin sening bir bo’la-gingga aylanib borayapman.

Santyago uning ovozini eshitib turdi, qizning ovozi xurmo daraxtlari uchidagi barglarning mayin shitirlashidan-da go’zal edi.

— Men seni bu quduq oldida qay mahaldan beri kutib turibman. Men o’zimning o’tkan kunlarimni unutdim, urf-odatlarimni ham unutdim, qabilamiz erkaklarining qizlar o’zini qanday tutishlari kerakligi haqidagi ko’rsatmalarini ham. Bolaligimda bir kun kelib sahro menga, hali hech kimga nasib etmagan ajoyib sovg’a hadya etadi, deb orzu qilardim. Mana, men unga erishdim, bu sensan.

Santyago qizning qo’lidan tutmoqchi bo’ldi, biroq Fotima ko’zani qattiq quchoqlab oldi.

— Sen menga ko’rgan tushlaringni gapirib berding, keksa podshoh Malkisidq haqida, xazinalar haqida aytding. Endi men hech narsadan qo’rqmayman, chunki seni menga ular yetkazdi. Men esa sening orzu-o’ylaringning, sening Taqdiringning bir bo’lagiman. Shuning uchun ham men sening bir joyda to’xtab qolmasligingni, balki qidirayotgan narsangni izlayverishingni xohlayman. Agar urush tugashini kutishingga to’g’ri kelsa, bu fojea emas. Biroq ertaroq jo’nashga imkon tug’ilsa, jo’na, o’z Taqdiringni izlab yo’lga chiq. Shamol qum barxanlarining shaklini o’zgartiradi, xolos, sahro esa aslicha qolaveradi. Bizning sevgimiz ham aslicha qoladi.

Maktub.

Chindan men agar sening Taqdiringning bir bo’lagi esam, qachondir sen menga qaytasan.

Bu gaplar Santyagoning dilini ranjitdi. Bo’zbola yo’l-yo’lakay yodiga oldi: tanish cho’ponlarning dashtu dalalarni — uzoq-uzoqdagi yaylovlarni kezmay yashay olmasliklariga xotinlarini ishontirishning o’zi bo’lmasdi. Ha, sevgi doim suyganing yonida bo’lishni talab qiladi.

Ertasi kuni u Fotimaga bu haqda gapirdi.

— Sahro bizning mardumlarni olib ketadi va har doim ham qaytib bermaydi, — javob qildi qiz. — Biz buni bilamiz, shunga ko’nikkanmiz. Garchi ular qaytishmasa-da, biroq doimo biz bilan birga: ular yomg’ir bo’lib yog’maydigan bulutlar, tog’u toshlar orasiga bekingan

yirtqichlar, yer bizga in’om etgan zilol suv. Ular butun borliqning bir bo’lagi bo’lib qoladi… Ular Olam Qalbiga qovushib singadi.

Ayrimlariga qaytib kelish nasib etadi. Shunda ayollarning hammasiga bayram bo’ladi, chunki mardumlari — ularning kutayotganlari ham bir kunmas bir kun uyiga keladi. Burunlari men bu ayollarga havas bilan qarar edim. Endi mening ham kutadiganim bor.

Men — sahro ayoliman va bundan g’ururlanaman. Istagim, mening erim, xuddi qumni to’zdirgan shamolday, erkin bo’lsa. Istagim, u bulutlardan, yirtqichlardan va suvdan ayri tushmasa.

Santyago angliyalikni izlashga tushdi. Bo’zbola unga Fotima haqida gapirib berishni xohlardi, angliyalikni ko’rib ajablandi: u chodirining biqiniga o’choq o’rnatib, ustiga shisha idish qo’yibdi. Angliyalik o’choqqa o’tin qalab, olovning yonishini to’xtatmas va sahroga qarab-qarab qo’yardi. Uning ko’zida uchqun paydo bo’lgan, kitobdan bosh ko’tarmay yurgan kunlarda bu sezilmasdi.

— Bu ishning birinchi bosqichi, — tushuntirdi u Santyagoga. — Notoza oltingugurtni ajratish kerak. Muhimi — hech ish chiqmasligidan qo’rqmaslik zarur. Men shu kungacha qo’rqib kelganim uchun Ulug’ Ijodga qo’l ura olmadim. Hozir qilayotgan bu ishni o’n yil burun amalga oshirish mumkin edi. O’n ikki yil emas, o’n yil kutganim ham bir baxt.

Shunday deb u o’choqqa o’tin joylab, sahroga tag’in qarab-qarab qo’ydi. Santyago uning yonida botayotgan quyoshning nurlari qumni qirmizi tusiga bo’yaguncha o’tirdi. Shunda uning yuragida o’sha yoqqa, sahroga ketish ishtiyoqi alanga oldi, sahro sukunati uning savollariga javob topib bera bilarmikan, shuni sinamoqqa shaylandi.

U uzoq sandiraqlab yurdi, ora-sira vohani ko’zdan qochirib qo’ymadimmi deb, orqasiga burilib xurmo daraxtlariga qarab-qarab qo’ydi. U shamolning ovozini eshitdi, oyog’ining ostida toshlarni his etdi. Ba’zan chig’anoqlarga ko’zi tushdi — bir zamonlar, qadim-qadimda sahroning shu joyida dengiz bo’lgan. Keyin tosh ustiga o’tirdi va xuddi sehrlanganday nigohini ufqqa qadadi. U sevgini visoldan ayri holda tasavvur eta olmasdi, biroq Fotima sahro qizi, agar uning qalbida visol ishtiyoqi paydo bo’lsa, bu faqat sahroning sharofati tufayli.

Bo’zbola shu zayl, hech narsa haqida o’ylamay, boshi ustida yengilgina shamol esib o’tganini payqaguncha o’tirdi. Osmonga qaraganda tepada charx urib uchayotgan bir juft qirg’iyni ko’rdi.

Santyago ularning parvozini ancha kuzatib, samoda ajib kashtalar chizib uchishayotganidan zavqlanib o’tirdi. Aftidan, qirg’iylarning charx urib uchishida biror-bir ma’noyu maqsad yo’qday, biroq bo’zbola ularning parvozida qandaydir mazmun yashiringanini his etdi, faqat bu nimaga ishora ekanini aytib berolmasdi. U qirg’iylarning harakatini ko’zini uzmay kuzatishga qaror qildi — ehtimol, shunda ularning tilini tushunib olar. Balki shunda sahro unga visoldan xoli sevgi nimaligini ayon etar.

Tuyqusdan uni uyqu bosa boshladi. Yuragi esa bunga monelik qilib: “Sen Umum Tilidan voqif bo’lishga yaqin turibsan, bu o’lkada hamma narsaning, hatto qirg’iylarning ko’kdagi parvozining ham mohiyati bor”, derdi go’yo. Santyago qalbiga muhabbat ato etgani uchun taqdiriga shukr qildi.

“Sevganingda olamdagi narsalarning ma’no-mazmuni yanada to’lishadi”, — o’yladi u.

Shu chog’ qirg’iylardan biri ikkinchisining tepasiga tik sho’ng’ib uchdi va tuyqusdan bo’zbolaning ko’ziga qilichlarini yalang’ochlab vodiyga kirib kelayotgan jangchilar ko’rinib ketdi. Bu ko’rinish lip etdiyu, ko’nglida xavotir uyg’otib nazaridan qochdi. U saroblar haqida ko’p eshitgan, ularni o’zi ham bir necha bor ko’rgan, odamning xohish-istaklari sahro qumlari orasida jonlanganday namoyon bo’lishini bilar edi. Biroq vodiyga qo’shinning bostirib kirishini u mutlaqo xohlamayotgan edi.

Santyago bu xavotirli o’ylarni unutishga, yaxshisi qirmizi tusga kirayotgan qum va toshlarga termilib zavqlanishni davom etishga urindi. Biroq hushini yig’ib olishga nimadir xalal berar, yuragini siqayotgan xavotir arimayotgandi.

“Doimo belgilarga ergash”, — deb tayinlagan edi podshoh Malkisidq.

Bo’zbola Fotimani o’yladi. Ko’ziga ko’ringan manzarani esladi va ko’ngli sezdi: nimadir ro’y beradi.

U zo’rg’a hushini yig’ib oldi. O’rnidan turib ortga, xurmo

daraxtlari tomon yurdi. Olam unga yana bir bor ko’p tillarda tillashishini ko’rsatdi: endi sahro emas, vodiy xatarli edi.

Sarbon orqasi bilan daraxtga suyanib o’tiribdi, uning nigohi ham mag’ribga qadalgan. Shu payt barxanlar ortidan Santyago ko’rindi.

— Bu yoqqa urush kelayapti, — dedi bo’zbola. — Mening ko’zimga ko’rindi.

— Sahro erkak kishining ko’ngliga har narsani soladi, — javob qildi sarbon.

Biroq bo’zbola qirg’iylarni, ularning parvozini kuzatganini va tuyqus Olam Qalbiga uyg’unlashganini gapirdi.

Sarbon ajablanmadi — bo’zbolaning nimani gapirayotganini u tushunib turardi. Yer yuzidagi har qanday unsur butun zamin tarixini bayon etishga qodirligini u bilardi. Kitobning xohlagan betini ochib qara, odamning kaftiga termil, bir dasta qartadan xohlagan birini tanlab ol, qirg’iyning osmondagi parvozini kuzat — albatta, ayni daqiqalarda kechayotgan hayotingga bog’liq unsurlar bilan aloqani ko’rasan. Bu yerda gap unsurlarning o’zida emas, balki odamlarning ularga qarab, ularni kuzatib o’zlari uchun Olam Qalbiga uyg’unlashish yo’lini ocha bilishlarida.

Sahroda ko’p odamlar Olam Qalbiga uyg’unlashib olish qobiliyati orqasidan tirikchilik qilishadi. Ayollar va qariyalar bundaylardan cho’chishadi, ularni sohibkaromat, deb atashadi. Jangchilar ularga kamdan-kam murojaat qilishadi, chunki o’lishingni oldindan bilib jangga borish qiyin. Jangchilar nima bo’lishini oldindan bilmay qo’ya qolishni va urushning o’zgacha shavqini tuyushni ma’qul ko’rishadi. Taqdir Tangrining qo’li bilan bitilgan, bitikda neki bor, bari Uning inshosi, Uning yozganlari esa doimo bandasining nafu manfaatini ko’zlaydi.

Jangchilar buguni bilan yashaydilar, zero, kundalik hayot tasodiflarga to’la, shu bois ming turli holatlarga diqqatini qaratishi kerak: dushman boshingga qaysi tarafdan turib qilich solmoqchi, uning ostidagi ot qanday sakraydi, joningni omon saqlash uchun zarbni qanday qaytarishing lozim.

Ammo tuyakash jangchi emas, shu boisdan ham u sohibkaromatlarga ko’p murojaat qildi: ba’zilari bexato aytib bersa, ba’zilaridan tayinli gap chiqmadi. Bir safar ularning eng keksasi (aynan undan qattiq qo’rqishardi)tuyakashdan ertangi kunini oldindan bilmoqdan maqsadi nimaligini so’radi.

— Nima qilishim kerakligini aniqlab olmoqchiman, — dedi u. — Bilib olsam, yuz beradigan falokatning oldini olishga urinib ko’raman.

— U holda bu sening ertangi kuning bo’lmay qoladi, — javob qildi Sohibkaromat.

— Ehtimol, men boshimga tushadigan ko’rgulikka tayyorlanarman.

— Agar xayrli voqea ro’y bersa, bu kutilmagan omad degani, agar xayrsiz, yomon hodisaga duch keladigan bo’lsang — uni ancha oldin ko’ngling sezadi.

— Boshimga nima tushishini oldindan bilishni istayman, chunki men odamman, — dedi tuyakash. — Odamlarning buguni ularning kelajagi qanday kechishiga bog’liq.

Sohibkaromat bir muddat sukut saqladi. U chiviqlar bilan fol ochardi — ularni yerga tashlab, qanday tushganiga qarardi. Shu kuni u fol ko’rmaslikka qaror qildi. Xivichlarni dastro’molga o’rab, cho’ntagiga bekitdi.

— Men odamlarga ularni nimalar kutayotganini aytib berib, rizqimni topaman, — dedi u nihoyat. — Xivichlarni qanday tashlashni bilaman, ularning ko’magida odamlarning taqdiri yozib qo’yilgan boshqa bir o’lchamdagi olamga kiraman. Kirib olgach, men o’tmishni o’qiyman, allaqachon unutilgan narsalarni ochaman va bugungi kunning belgilarini tanib olaman. Kelajakni men o’qimayman, taxminan aytaman, zotan, kelajak Xudovand inon-ixtiyorida, faqat favqulodda holatlardagina uni namoyon etadi. Buni men bugungi kun belgilariga qarab aniqlayman. Jamiki sir-asror aynan shu — hozirgi kunda jam bo’lgan. Unga lozim darajada e’tibor qaratsang — yaxshilay olasan. Ayni damdagi ahvolingni yaxshiladingmi, demak, ertangni ham o’nglay olasan. Kelajak uchun qayg’urmasang, buguning bilan yashayver, mayli, har bir kuning Qonunda buyurilganiday o’taversin. Biroq bilib qo’y, Xudovand o’z bandalari uchun hamisha qayg’uradi. Har bir kun mangulikning bir bo’lakchasi.

Shunda tuyakash Tangri kelajakni ko’rishga izn beradigan favqulodda holatlar nimani anglatishini bilgisi keldi.

— Faqat Uning O’zigina namoyon etadi. Xudovand kelajakni kamdan-kam hollarda ko’rsatadi. U bunga ixtiyor etganda, oldindan belgilab qo’yilgan taqdirni o’zgartirish lozimligi sabab bo’ladi.

“Bu bolaga Xudovand kelajakni namoyon etgan, — o’yladi shu damda Tuyakash. — Xudovand uni o’ziga vositachi etib tanlagan”.

— Qabila boshliqlari oldiga bor, — buyurdi u Santyagoga. — Ularga qo’shinning bizga yaqinlashib kelayotganini xabar qil.

— Ular ustimdan kulishadi.

— Yo’q, kulishmaydi. Ular sahro odamlari, demakki, ular belgilar va alomatlarni e’tiborsiz qoldirishmaydi.

— U holda hammasi ularning o’ziga ayon bo’lgandir.

— Ular bu haqda bosh qotirishmaydi, chunki agar Ollohning irodasi bilan nimanidir bilishlari lozim esa, kimdir kelib bu haqda aytadi, deb ishonishadi. Avvallari ham ko’p marta shunday bo’lgan. Endi bu xabar bilan sen e’tibor topasan.

Santyago Fotimani o’yladi va vohada joylashgan qabila boshlig’ining qoshiga borishga qaror qildi.

— Meni boshliqlar oldiga o’tkazib yubor, — dedi u kattakon oq chodir eshigi oldida turgan soqchiga. — Sahroda men alomatlarni ko’rdim.

Soqchi bir so’z demay chodirga kirib ketdi va ichkarida ancha ushlanib qoldi. Keyin oq zarbof yaktakli yosh arab bilan birga chiqib keldi. Santyago unga o’ziga ko’ringan manzarani gapirib berdi. U kutib turishini aytib, tag’in ichkariga kirib ketdi.

Oqshom tushdi. Chodirga arablar, chet ellik savdogarlar kirib-chiqib turishardi. Ko’p o’tmay gulxanlar ham o’chdi va vohaga asta-sekin jimjitlik cho’kdi. Faqat kattakon chodirda chiroq yonib turardi. Bu vaqt mobaynida Santyago Fotima haqida o’yladi, garchi qizning boyagina aytgan gaplarining mohiyatini hali ilg’ay olmagan bo’lsa-da.

Nihoyat uzoq kutishdan keyin uni chodirga qo’yishdi.

Chodirda ko’rganlari uni hayron qoldirdi. Sahroning qoq o’rtasida bunday joyni ko’raman, deb hech o’ylamagandi. Oyoqlari qalin gulli gilamlarga botdi, tepada sof oltindan ishlangan qandilda shamlar yonib turibdi. Qabilalar boshliqlari to’rda gul tikilgan ipak yostiqlarga yonboshlab o’tirishibdi. Xizmatkorlar kumush patnislarda shirinliklar va choy keltirishadi. Boshqalari chilimlarning olovidan xabardor bo’lib turishibdi, havodan tamaki tutunining yengil xushbo’y hidi taraladi.

Santyagoning ro’parasida sakkiz nafar kishi bor edi, biroq u boshliq — o’rtada o’tirgan zarbof yaktakli arab ekanini aniq payqadi. Uning yonida boya chodirdan chiqib u bilan gaplashgan yigit o’tiribdi.

— Alomatlar haqida gapirgan musofir kim? — so’radi qabila boshliqlaridan biri.

— Menman, — javob qildi Santyago va ko’rganlarini aytib berdi.

— Nega endi sahro bir muhojirga bu haqda belgi beribdi, axir, bu yerda bizning ajdodlarimiz yashab o’tgan bo’lsa? — so’radi boshqa bir qabila boshlig’i.

— Chunki mening ko’zlarim hali sahroga ko’nikmagan, bu yerliklar payqamagan narsalarni ko’radi, — dedi Santyago va ko’nglidan: “Boz ustiga menga Olam Qalbi ochilgan”, degan gap o’tdi.

Bu so’nggi gapni u ovoz chiqarib aytmadi — arablar bunday narsalarga ishonishmaydi.

— Men faqat ko’rganimni aytdim. Ishonmasangiz, bu sizning ixtiyoringiz.

Chodirga og’ir jimlik cho’kdi, keyin qabilalar boshliqlari qizishib, gapga kirishib ketishdi. Ular gapirayotgan lahjani Santyago tushunmasdi, biroq u eshikka tomon qadam tashlaganda soqchi qo’lidan tutdi. Bo’zbola qo’rqib ketdi. Belgilar xatarni daraklardi va u Tuyakashga ko’nglini ochganidan afsuslandi.

Biroq o’rtada o’tirgan qariya kulimsiradi va Santyago darhol xotirjam bo’ldi. Shu paytgacha u biror so’z qotmagan, tortishuvga qo’shilmay o’tirgan edi. Biroq Umum Tilidan xabardor bo’zbola qo’shinning yaqinlashib kelayotganidan chodir titrayotganini his etdi va bu yerga kelib to’g’ri qilganini tushundi.

Chodirdagilar jim bo’lishdi va qariyaning gapini diqqat bilan eshitishdi. Qariya Santyagoga o’girilib qaradi va bu safar bo’zbola uning yuzida sovuq begonasirashni payqadi.

— Ikki ming yilcha burun bu yerdan uzoqda, ko’rgan tushlarga ishonadigan bir odamni quduqqa tashlashgan, keyin qul qilib sotib yuborishgan, — gap boshladi qariya. — Bizning savdogarlar uni Misrga olib kelishgan. Hammamizga ma’lum, tushlarga ishongan odam ularning ta’birini ham biladi.

“Garchi har doim ham ularni rostga o’ngara olmasa-da”, — o’yladi Santyago lo’li kampirni eslab.

— O’sha odam Fir’avnga uning yetti ozg’in va yetti semiz sigir haqidagi tushini to’g’ri ta’birlab, Misrni ocharchilikdan saqlab qolgan. Uning ismi Yusuf edi. U ham senday bir musofir edi, yoshi ham sen tengi edi.

Qariya jim qoldi. Uning ko’zlari hanuz sovuq boqardi.

— Biz doim urf-odatni saqlaymiz. Urf-odat Misrni ocharchilikdan qutqardi, xalqini boshqa xalqlar orasida eng boy-badavlatga aylantirdi. Urf-odat sahroda yurish va qizlarimizni erga uzatishni o’rgatadi. Unga ko’ra, voha — hech kimga tegishli bo’lmagan yer, zotan, jang qilayotgan har ikki taraf bu yerga muhtoj, usiz halok bo’lishi tayin.

Hech kimdan sado chiqmadi.

— Ammo Urf-odat bizga sahro daraklariga ishonishni uqtiradi. Nimagaki aqlimiz yetsa, bularni bizga sahro o’rgatgan.

Uning ishorasi bilan hamma arablar qo’zg’alishdi. Maslahat tugagan edi. Chilimning cho’g’ini o’chirishdi, soqchilar saf tortishdi. Santyago tashqariga chiqmoqchi bo’lgandi, qariya tag’in gap boshladi:

— Ertaga biz vohada hech kim qurol olib yurishga haqi yo’q, degan qoidani bekor qilamiz. Kun bo’yi dushmanni kutamiz, quyosh botganda jangchilarim menga qurollarini topshirishadi. O’ldirgan har o’n nafar dushman uchun sen tilla olasan. Biroq qurol, modomiki, qo’lga olingan ekan, u shunchaki qayta joyiga qo’yilmaydi, qurol dushman qonini tatishi kerak. Zotan, qurol sahroday injiq narsa, keyingi safar otishdan, chopishdan bo’yin tovlashi mumkin. Agar ertaga bizning qurolimizga ish topilmasa, biz uni senga qarshi ishlatamiz.

Bo’zbola chodirdan uzoqlashganda vohani faqat to’lin oy yoritib turganini ko’rdi. U yashab turgan chodirgacha yigirma minutli yo’l bosib o’tilardi, u chodiri tomon yurdi.

Bo’lib o’tgan voqeadan u tashvishga tushdi. U Olam Qalbiga uyg’unlasha oldi va shuning evaziga, ehtimol, endi o’z hayotini berib qutular. Bu juda qimmatga tushmaydimi? Biroq uning o’zi tanladi buni, O’z Taqdiri yo’lidan bormoqchi bo’lib qo’ylarini sotdi. Tuyakash aytganiday, bir boshga bir o’lim… Baribir emasmi: ertaga o’lding nima-yu, boshqa kuni o’lding nima? Yashaydigan yoki qazoyingni topadigan har qanday kun ma’qul aslida. Hammasi “Maktub” so’ziga bog’liq.

Santyago jim yurib borayotir. U hech nimadan afsuslanmas, hech nimaga achinmasdi. Mabodo ertaga o’lib qolsa, demak, Tangri uning kelajagini o’zgartirishni xohlamagan bo’ladi. Biroq u kuni bitguncha nimalargadir ulgurdi: bo’g’ozdan suzib o’tdi, do’kondagi ishlarni uddaladi, sahroni yengdi, uning sukunatini va Fotimaning ko’zlaridagi ma’noni uqdi. Uyini tark etganidan beri biror-bir kuni bo’sh, samarasiz ketgani yo’q. Agar ertaga ko’zlari manguga yumilsa-da alam qilmaydi, zotan, u boshqa cho’ponlardan ko’ra ko’p narsalarni ko’rib qolishga erishdi. Santyago shundan taskin topardi.

U tuyqusdan gumburlagan tovushni eshitdi va quturib esgan sirli shamolning shiddati uni yerparchin qildi. Qum to’zoni oyni bekitdi. Bo’zbola ro’parasida turgan haybatli oq otni ko’rdi — ot orqa oyoqlariga tayanib, tik cho’pchigancha qattiq kishnardi.

Qum to’zoni biroz bosilganda Santyagoni haligacha o’zi his etmagan qo’rquv dahshati chulg’ab oldi. Oq otda sallali, qora libosda, chap kiftiga qirg’iyni qo’ndirgan suvori o’tirardi. Uning yuzi burkangan, faqat ko’zlari ko’rinadi. Novchaligini aytmaganda, u karvonni qarshilab, sahroda nimalar sodir bo’layotganidan yo’lovchilarni xabardor qilgan badaviylarning biriga o’xshardi.

Oy shu’lasi egilgan tig’da jilvalandi — chavandoz egarga qayish bilan tang’ib boylangan qilichni qo’liga oldi. U El-Fayum vohasining besh ming xurmo daraxtini titratadigan guldurosli ovozda hayqirdi:

— Qirg’iylar parvozining ma’nisini ilg’amoqqa jur’at qilgan kim?

— Men, — javob qildi Santyago.

Ayni daqiqada, uning nazarida, suvori Mavrlar G’olibi, tuyoqlari bilan g’ayridinlarni toptayotgan oq otning belidagi avliyo Yoqubning tasviriga aynan o’xshab ketdi. Hammasi sirtdan aynan o’xshash, faqat bu yerdagi suvori boshqa.

— Men, — takror aytdi u va qilichning zarbini kutib boshini egdi. — Ko’p kishilarning joni omon qolardi, biroq siz Olam Qalbiga uyg’un keladigan qarorni qabul qilmadingiz.

Qilich dami bo’zbolaning manglayiga tekkuncha, sekin tushib keldi. Bir tomchi qon chiqdi.

Suvori qilt etmay turardi. Santyago ham damini ichiga yutdi. U hatto qochib qutulishga urinmadi. Vujudining tub-tubida g’alati umid uchqunladi: u O’z Taqdiri yo’lida halok bo’ladi. Fotima uchun halok bo’ladi. Demak, belgilar aldamagan. Mana, Dushman manglayida turibdi, shu bois ajal unga dahshat sololmaydi, zotan, Olam Qalbi mavjud va bir nafasdan so’ng u Olam Qalbining bir qismiga aylanadi. Ertaga uning qismati Dushmanning boshiga ham tushadi.

Suvori hanuz qilichini sermashga shoshilmas edi.

— Nega bunday qilding?

— Men qirg’iylar parvozi daraklagan xabarni eshitdim va buning ma’nisini tushundim, xolos. Ular vohani qutqarmoqni istashdi. Vohaning himoyachilari sizlarni qirib tashlaydi, ular ko’pchilik.

Qilichning dami hanuz uning manglayiga tegib turardi.

— Kimsan o’zing, Ollohning ishiga aralashadigan?

— Olloh faqat qo’shinnimas, qushlarni ham yaratgan. Ularning tilidan meni Olloh voqif qildi. Dunyodagi jamiki koru a’mollar bitta qo’lda bitilgan, — javob qildi bo’zbola Tuyakashning so’zlarini eslab.

Nihoyat suvori qilichini chetga oldi. Santyago nafasini rostladi.

— Bashorat qilishda ehtiyot bo’l, — dedi suvori. — Hech kim peshonasiga yozilganidan qochib qutulmaydi.

— Men faqat qo’shinni ko’rdim, — dedi bo’zbola. — Jang oqibati menga ayon bo’lgani yo’q.

Bunday javob suvoriga ma’qul keldi, biroq u qilichini qiniga joylashga oshiqmadi.

— Xo’sh, bu yerda muhojir nima qilib yuribdi?

— Men o’z Yo’limni izlayapman. Biroq sen buni tushunmaysan.

Suvori qilichini qiniga joyladi. Uning kiftidagi qirg’iy chiyillab tovush berdi. Santyagoni chulg’agan tang holat bir qadar bo’shashdi.

— Men sening chindan jo’mard ekaningni bilmoqchi edim. Umum Tilini qidirayotganlar uchun bundan muhim narsaning o’zi bo’lmaydi.

Bo’zbola hayron qoldi. Suvori kamdan-kam odamlarning aqli yetadigan narsalar haqida mulohaza yuritardi.

— Bundan tashqari, hatto uzoq yo’lning tanobini tortgan esang-da, bir nafasga ham bo’shashmaslik kerak, — davom etdi suvori. — Sahroni sevish ham mumkin, ammo unga to’la-to’kis ixtiyoringni topshirib bo’lmaydi. Zotan, sahro — odam uchun sinov: bir nafas xayolingni bo’lsang, bas, halokatga uchraysan.

Uning gaplari Santyagoga keksa Malkisidqni eslatdi.

— Jangchilar bu yerga kelishgan chog’da, agar boshing omon bo’lib tursa, meni izla, — dedi suvori.

Boya qilich dastasini tutib turgan suvori qo’lida qamchi ko’rindi. Ot tag’in tuyoqlaridan to’zon ko’tarib, yeldi.

— Sen qaerda yashaysan, — uning ortidan qichqirdi Santyago.

Suvori yelib borayotgan ot ustida qamchi bilan janubga ishora qildi.

Bo’zbola Alkimyogarni uchratgan edi.

Ertasi kuni tongda El-Fayum vohasi xurmozorlarida qurollangan ikki ming kishi saf tortdi. Ufqdan besh yuztacha jangchining qorasi ko’ringan pallada quyosh hali uncha ko’tarilmagan edi. Otliqlar vohaga shimol tarafdan kirib kelishdi, ular o’zlarini go’yo tinchlik istab kelishayotganday qilib ko’rsatishar, qurollarini oq yaktaklari tagiga bekitib olishgandi. Qabila boshliqlarining kattakon chodiriga yetib kelishgan paytda ularning qo’llarida qurollar va qayrilma qilichlar paydo bo’ldi. Biroq chodir bo’m-bo’sh edi.

Voha ahli sahro suvorilarini qurshab olishdi, yarim soatdan so’ng qumda to’rt yuz to’qson otliqning jasadi qoldi. Bolalarni xurmozorga eltishdi, ular chodirlarda erlarining duo-yu jonini qilib o’tirishgan ayollar qatori hech nimani ko’rishmadi. Halok bo’lganlarning chalqayib yotgan jasadlarini aytmaganda, vohada har doimgi holat hukm surardi.

El-Fayumga bostirib kirgan otliqlardan yolg’iz ularning sardori omon qoldi. Uni qabilalar boshliqlari oldiga keltirishdi va boshliqlar undan ne bois Urf-odatni buzishga botinding, deya so’rashdi. U bir necha kunga cho’zilgan janglarda ochlik va suvsizlikdan jangchilarning madori qurigani, vohani egallashsa, o’zlariga kelib, keyin yana urushni boshlamoqchi bo’lishganini aytdi.

Jangchilarga qanchalik achinmaylik, biroq Urf-odatni buzishga hech kimning haqqi yo’q, dedi qabila oqsoqoli. Sahroda faqat shamolning ta’siridan qum barxanlarining shakli o’zgaradi, qolgan barchasi aslicha qoladi.

Harbiy sardorni sharmandali o’limga hukm etishdi: o’qni ham, qilich zarbini ham unga ravo ko’rishmadi, qurigan xurmo daraxtiga osishdi va sahrodan esgan shamol uning jasadini ancha vaqt tebratib turdi.

Qabila oqsoqoli muhojirni chaqirib, unga ellikta tilla tanga taqdim etdi. Keyin u yana Yusufning tarixidan so’zlab berdi va bo’zboladan o’ziga Bosh Maslahatchi bo’lishini so’radi.

Kun botib, osmonda yulduzlar endi xira yorisha boshlaganda (chunki oy to’lishgan palla edi) Santyago janubga qarab yurdi. U yoqda faqat bitta chodir bor edi, yo’lida duch kelganlar bu joy jinlarning qarorgohi ekanini aytdi. Biroq u chodirning oldiga o’tirib olib, kuta boshladi.

Alkimyogar ha deganda qorasini ko’rsatmadi — oy esa allaqachon tepaga ko’tarilib ketgandi. Nihoyat Alkimyogar ko’rindi, uning yelkasida bir juft o’lgan qirg’iy osilib turardi.

— Men shu yerdaman, — dedi Santyago.

— Bekor kelibsan. Nahot Taqdiring seni mening oldimga yo’llagan bo’lsa?

— Urush bo’layapti. Men sahrodan o’tolmayman.

Alkimyogar shoshildi, imo bilan Santyagoni ichkariga taklif etdi. Qabila boshliqlarining shinam bezalgan ertaknamo chodirini aytmaganda, Alkimyogarning makoni voha ahlining chodirlaridan farq qilmasdi. Santyago ichkariga ko’z yugurtirib metall eritadigan qozon va ko’rani, alkimyoviy shisha idishlarni qidirdi, biroq chodirda bir necha to’zigan kitobdan boshqa narsa ko’zga chalinmadi. Yerga sirli naqshlar solib to’qilgan gilam tashlangan edi.

— O’tir, men hozir choy damlayman, — dedi Alkimyogar. — Qirg’iylarni pishirib ovqatlanamiz.

Bo’zbola bular o’sha — u yaqindan uchib yurganini ko’rgan qushlar bo’lsa kerak, deb o’yladi, biroq bu haqda gapirmadi. Alkimyogar o’choqni yoqdi va hayal o’tmay chodirga parranda go’shtining xushbo’y hidi taraldi. Bu tamaki hididan ko’ra yoqimliroq edi.

— Qanday meni istab kelding?

— Hammasiga belgilar sabab, shamol menga sening kelishingni va senga mening yordamim zarurligini aytdi.

— Yo’q, bu men emas, balki boshqa yo’lovchi — angliyalik. Seni izlagan o’sha.

— Meni topgunicha u ko’p kishilar bilan uchrashishi lozim. Biroq u to’g’ri yo’ldan borayapti. U faqat kitoblarga qarayotgani yo’q.

— Men-chi?

— Agar sen biror narsani istasang, butun Olam istaging ro’yobga chiqishiga xayrixohlik qiladi, — Alkimyogar keksa Malkisidqning so’zlarini takror aytdi va bo’zbola O’z Taqdiri yo’lidan borishga ko’maklashadigan yana bir odamni uchratganini angladi.

— Sen menga ta’lim berasanmi? — so’radi u.

— Yo’q. Sen zarur narsalarni bilasan. Men faqat seni xazinang tomon yo’llayman, xolos.

— Biroq sahroda jang ketayapti, — takrorladi Santyago.

— Sahro menga tanish.

— Men xazinamni topganman. Menda tuya va pul bor, ularni billur savdosi bilan shug’ullanib, ishlab topganman, yana elliktacha tilla tangam bor. Endi yurtimda men boy hisoblanaman.

— Biroq bular seni ehromlarga bir odim ham yaqinlashtira olmaydi, — eslatdi Alkimyogar.

— Mening Fotimam bor. Bu xazina qolgan hamma boylikdan ustun.

— Undan ehromgacha bo’lgan yo’l ham uzoq.

Ular jim qolishdi va ovqat yeyishga kirishishdi. Alkimyogar shisha idishning tiqinini ochib, Santyagoning stakaniga allaqanday qizil suyuqlik quydi. Bu vino ekan, bo’zbola umrida hali bunaqasini tatib ko’rmagandi. Biroq Qonun vino ichishni ta’qiqlaydi.

— Odamning og’zidan kirgani emas, balki og’zidan chiqqani yomon, — dedi Alkimyogar.

Vino ichib Santyago yayradi. Biroq Alkimyogar hanuz uni sergaklantiradigan gaplarni aytardi. Ular chodirning eshigi oldida yonma-yon o’tirishib, to’lin oy yog’dusida yulduzlarning xira tortib borayotganini kuzatishardi.

— Ich yana — bu seni chalg’itadi, — dedi Alkimyogar, vinoning bo’zbolaga ta’sir qilganini payqab. — Kuchingni yig’, jang oldidagi jangchiday. Biroq unutma, sening yuraging u yoqda, xazina yotgan joyda. Uni topish kerak, bu yo’lda nimaniki tushunib yetsang, his etsang, barchasi mazmun-mohiyat kasb etadi. Ertaga tuyangni pulla va ot sotib ol. Tuyalarning fe’li bemaza: charchoq nimaligini bilmay lo’killagani-lo’killagan. Keyin tuyqusdan tappa yotib o’lib qoladi. Ot esa sekin-asta toliqadi. Yo’rg’alashiga qarab yana qancha yurishini va qachon yiqilishini bilsa bo’ladi.

Oradan bir kun o’tib, kech kirganda Santyago, otni yuganidan yetaklab, Alkimyogarning chodiriga keldi. Shu orada Alkimyogar ham chiqib keldi, otiga mindi, qirg’iy esa uning chap kiftidan joyini egalladi.

— Menga sahroda tiriklik alomatini ko’rsat, — dedi u. — Bu yerda tiriklik alomatini topa olgan kishigina xazinani qo’lga kiritadi.

Ular oydinda qum tepalar oralab yo’lga tushishdi. “Buni uddalashim qiyin, — o’yladi Santyago. — Men sahroni bilmasam, undagi tiriklik alomatini topolmayman”.

U Alkimyogarga qarab bu haqda gapirmoqchi bo’ldi, biroq cho’chidi. Ular bo’zbola qirg’iylar parvozini kuzatgan toshlar yoniga kelishdi.

— Uddalay olmayman deb qo’rqaman, — dedi Santyago baribir ichidagini yashirib o’tirmay. — Sahroda tiriklik alomati borligiga ishonchim komil, biroq uni men topa olmayman.

— Tiriklik yashashga chorlaydi, — dedi unga javoban Alkimyogar.

Bo’zbola uni tushundi, yuganni bo’shatdi va ot qum, tosh oralab o’ziga yo’l topib yura boshladi. Alkimyogar otning izidan yurib kelardi. Shu zayl yarim soat o’tdi. Xurmozorlar ortda qoldi, ulkan qoya toshlardan boshqa hammasi barkashday oy yorug’ida ko’zdan g’oyib bo’ldi. Nihoyat, Santyagoning oti to’xtadi — bu yerga bo’zbola burun kelmagan edi.

— Bu yerda tiriklik alomati bor, — dedi u Alkimyogarga. — Menga sahroning tili tushunarsiz, biroq otim tiriklik tilini tushunadi.

Ular shoshilishdi. Alkimyogar sukut saqlardi. Toshlarga nazar tashlab, u vazmin qadam tashlardi. Keyin birdan to’xtadi va ehtiyot bo’lib egildi. Toshlar orasida yer yorig’i qorayib ko’rinardi. Yoriqqa u barmog’ini tiqdi, keyin esa qo’lini yelkasigacha yoriqqa joyladi. Ichkarida nimadir shitirladi, Santyago Alkimyogarning ko’zlarida (uning faqat ko’zlarini ko’rib turardi) jiddiy e’tiborni uqdi: go’yo u birov bilan olishayotganday serdiqqat edi. Keyin u qo’lini yoriqdan ilkis tortib oldi, kutilmagan bu harakatdan Santyago bir seskandi va Alkimyogar irg’ib o’rnidan turdi. U ilonni dumidan ushlab ko’tarib turardi.

Santyago ham chaqqon turib, ortga tislandi. Ilon tipirchilab sahroning o’lik sukunatini buzib, Alkimyogarning barmoqlariga o’zini urardi. Bu bir chaqishdayoq o’ldiradigan kobra iloni edi.

“Qo’rqmas ekan-a?” — bo’zbolaning xayolidan shu fikr o’tdi. Alkimyogar ilonning iniga qo’lini tiqib, hayotini xavf ostiga qo’ydi, biroq uning yuzi xotirjam edi. “U ikki yuz yoshda”, — Santyago angliyalikning gapini esladi. Demak, sahroda ilonlar bilan muomala qilishni bilar ekan.

Mana, u otining oldiga keldi va egarga tang’igan qayirma qilichini qinidan chiqardi. Qumga doira shaklini chizib, o’rtasiga tinchib qolgan kobrani qo’ydi.

— Qo’rqma, — dedi Santyagoga. — Bu yerdan chiqib ketolmaydi. Sen esa sahroda hayot mavjudligiga dalilni ko’rding. Menga shu kerak edi.

— Bu shunchalik muhimmidi?

— Juda muhim. Ehromlar sahrolar bilan o’ralgan.

Santyago yana ehromlar haqida gaplashishni istamayotgan — kechadan beri ko’ngliga qil sig’mayotgan edi. Xazinalarga borish Fotimadan ajralish bilan teng edi.

— Men o’zim senga yo’l boshlovchi bo’laman, — dedi Alkimyogar.

— Vohada qolganim ma’qul edi, — javob qildi Santyago. — Fotimani uchratgan bo’lsam, axir, u menga dunyodagi barcha xazinalardan ko’ra aziz.

— Fotima — sahro qizi. Unga erkaklarning bir kuni uylariga qaytib kelishi uchun safarga jo’nab ketishlari oyday ravshan. U ham o’zining xazinasini qo’lga kiritdi — bu sen. Endi esa sening o’zing qidirayotgan narsangni topishingga umid qilayotir.

— Vohada qolishga qaror qilsam-chi?

— Unda Oqsoqolga Maslahatchi bo’lasan. Tillang ko’p bo’ladi, son-sanoqsiz qo’y, tuya sotib olasan. Fotimaga uylanasan, bir yilcha u bilan baxtli yashaysan. Sahroga mehr qo’yasan, besh ming to’p xurmo daraxtining har birini taniydigan bo’lasan, bo’yini bo’yingga o’lchab, ularning qanday o’sishini, dunyo muntazam o’zgarib turishini tushunasan. Kun osha belgi-alomatlarni teranroq farqlay borasan, zotan, sahrodan-da yaxshi muallim yo’q. Biroq oradan yil o’tib, sen xazina haqida o’ylaysan. Belgilar uni tez-tez yodingga solaveradi, biroq sen bunga e’tibor qilmaslikka urinasan. Bor bilimingni voha, uning ahli farovonligi uchun sarflaysan. Qabilalar boshliqlari sendan mamnun bo’lishadi, tuyalar senga ko’p boylik keltiradi va hokimiyatingni mustahkamlaydi.

Yana bir yil o’tadi. Belgilar xazina va Yo’lni muntazam uqtirib turadi. Uzoq tunlarda azongacha vohada sanqiysan, Fotima esa iztirob chekadi, chunki o’zi tufayli sening izlanishlaring barbod bo’lganini tushunib yetadi. Biroq sen Fotimani hanuz sevasan, u ham seni yaxshi ko’radi. Biror marta ham u seni qolishga undamaganini bot-bot eslaysan, chunki sahro ayollari erlari qaytib kelguncha kuta olishadi. Va sen Fotimadan biror-bir ayb topa olmaysan, biroq ko’p oqshomlarni birvarakayiga sahro va xurmozorlarni kezib o’tkazasan, Fotimaga bo’lgan muhabbatimga chin dildan ishonmaganimda bu yerdan jo’nab ketardim, deb o’ylaysan. Aslida seni vohada qo’rquv ushlab turibdi — bu makonga boshqa qaytib kelolmayman, deb qo’rqasan. Ana shunda belgilar xazinadan umrbod mahrum bo’lganingni senga aytadi.

To’rtinchi yilga kelib belgilar yo’qoladi, chunki sen ularni ilg’ashni xohlamaysan. Buni payqagan oqsoqol sening xizmatingdan voz kechadi, biroq bungacha sen boy-badavlat savdogarga aylanasan, ko’p do’konlaring va suruv-suruv toylaring bo’ladi. Va umringning oxirigacha, O’z Yo’lingdan yurmaganingni bila turib, xurmozorlaru sahroni kezasan, oxir-oqibat endi kech bo’lganini tushunib yetasan.

Shunday qilib, sevgi insonning O’z Taqdiri yo’lidan borishga hech qachon xalal bermasligini sen hech qachon anglab yetmaysan. Agar shunday bo’lsa, demak, bunday sevgi chin emas, haqiqiy emas, deyiladi Umum Tilida, — deya so’zini yakunladi Alkimyogar.

U qumga chizgan doirani buzdi va kobra sudralib, toshlar orasida ko’zdan g’oyib bo’ldi. Santyago bir umr Makkaga ziyoratni orzu qilgan billur sotuvchi savdogarni, Alkimyogarni qidirgan angliyalikni esladi. Bir kun kelib sahro o’zi suyishni istagan yigitni yetkazishiga ishongan ayolni ham esladi.

Ular otlarga minishdi. Bu safar Alkimyogar oldga tushdi. Shamol vohadagi odamlarning ovozini olib keldi va bo’zbola bu tovushlar orasida Fotimaning ovozini tanishga urindi. Jang bois u keyingi kunlar quduq oldida qizni uchratmagan edi.

Biroq bugun oqshom u qumga chizilgan doiradan chiqib ketolmagan kobrani kuzatdi, kiftida qirg’iy bilan yurgan sirli suvorining gaplarini tingladi, suvori unga sevgi va xazinalar haqida, sahro ayollari va O’z Taqdiri haqida gapirdi.

— Men sen bilan birga ketaman, — dedi Santyago va shu lahzada ruhi xotirjam bo’lganini his etdi.

— Biz ertaga yo’lga chiqamiz, bundan-da qorong’uroq pallada, — qisqa javob qildi Alkimyogar.

Tun bo’yi u ko’zlarini yummadi. Quyosh chiqishiga ikki soatlar qolganda o’zi bilan bir chodirda yotgan bolalardan bittasini uyg’otdi va Fotima qaerda yashayotganini so’radi. Ular tashqariga birga chiqishdi va Santyago unga minnatdor bo’lganidan qo’y sotib olishi uchun pul berdi.

Keyin qizni uyg’otishini so’rab, qaerda kutishini aytdi. Arab bola uning bu iltimosini ham bajardi va yana bitta qo’yga pul oldi.

— Endi bizni xoli qoldir, — dedi Santyago va bola kimsan Maslahatchiga yordam berganidan g’ururlanib, boz ustiga, endi qo’y sotib olish uchun puli borligidan quvonib, chodirga qaytdi va uxlagani yotdi.

Fotima chiqdi. Ular xurmozor oralab ketishdi. Santyago urf-odatga zid ish tutayotganini bilardi, biroq hozir bu hech qanday ahamiyatga ega emas edi.

— Men jo’nayapman, — dedi u. — Biroq sening ishonishingni xohlayman: men, albatta, qaytaman. Men seni sevaman, chunki…

— Gapirish shart emas, — uning so’zini bo’ldi qiz. — Odam yaxshi ko’rgani uchun ham sevadi. Sevgi dalil-isbotlarga muhtoj emas.

Biroq Santyago gapini davom ettirdi:

— … chunki men avval tush ko’rdim, keyin podshoh Malkisidqni uchratdim, billur sotdim, sahroni kesib o’tdim, vohaga kelib qoldim jang boshlanganda va quduqning oldida sendan Alkimyogarning qaerda yashashini so’radim. Men seni yaxshi ko’raman, chunki butun Olam bizning uchrashuvimizga xayrixoh.

Ular quchoqlashishdi va vujudlari ilk bor bir-biriga tegdi.

— Men qaytaman, — takrorladi Santyago.

— Avvallari men sahroga orzumand bo’lib qarardim, endi esa umid bilan termulaman. Mening otam ham bir necha bor sahroga ketgan, biroq har safar onamning yonlariga qaytgan.

Boshqa biror-bir so’z aytilmadi. Ular yana xurmozor tagida biroz yurishdi, so’ng Santyago Fotimani chodirgacha kuzatib qo’ydi.

— Men qaytaman, otang qaytib kelganiday.

U qizning ko’zlarida yosh yiltiraganini ko’rdi.

— Yig’layapsanmi?

— Men sahro ayoliman, — dedi Fotima, yuzini yashirib. — Biroq avvalambor men — oddiy ayolman.

Qiz chodir ichiga g’oyib bo’ldi. Tong oqarib kelardi. Odatdagi kun boshlangach, Fotima necha yillardan beri shug’ullanib kelayotgan ishi bilan mashg’ul bo’ladi, biroq endi hammasi boshqacha kechadi. Voha endi qizning nazdida burungi qimmatini bir qadar yo’qotadi, chunki vohada Santyago yo’q. Avval boshqacha edi — yaqinginada bu joy ellik ming tup xurmo daraxti gurkirab turgan, uch yuzta quduqli, sahro kezib chanqagan yo’lovchilar oroyish topadigan maskan edi. Endi qizning nazarida voha bo’shab, huvillab qoldi.

Bugundan boshlab sahroning qadri ortadi. Fotima endi sahroga umid ko’zi bilan termiladi, xazinalarini qidirib ketgan Santyagoning qaysi yulduzni mo’ljalga olib yo’l bosayotganini topishga urinadi. Shamol orqali o’zining qaynoq o’pichlarini yo’llab, ular Santyagoning yuziga tegishiga umidlanadi va pichirlab o’zining sog’-salomat ekanini, uni kutayotganini aytadi. Bugundan boshlab sahro Fotima uchun umid makoniga aylanadi: u yoqdan Santyago yoniga qaytadi.

— Ortda qolganlar haqida o’ylama, — dedi Alkimyogar, ular qum tepalar oralab yo’lga tushishganda. — Hammasi allaqachon Olam Qalbida qayd etildi va shu joyda mangu saqlanadi.

— Odamlar ketishdan ko’ra qaytish haqida ko’proq o’ylashadi, — dedi Santyago, sahroning sukunatiga tag’in ko’nika boshlarkan.

— Agar sen topgan topildiq pishiq narsadan yasalgan bo’lsa, unga hech qanday insu jins daxl qilolmaydi. Va sen bemalol qaytishing mumkin. Agar bu narsa, xuddi yulduz bir yilt etib uchgani kabi, nari-beri yasalgan bo’lsa, qaytgan chog’ingda ham hech nimaga ega chiqolmaysan. Biroq sen, harqalay, yilt etgan nurni ko’rgan bo’lasan. Demak, bu boshdan kechirishga arzirli hol.

U alkimyo haqida gapirayotganga o’xshardi, Santyagoga esa u Fotimani nazarda tutib gapirayotganday tuyuldi.

Ortda qolganlar haqida o’ylamaslik mushkul edi. Sahroning yakrang ko’rinishi eslashga, orzu qilishga majbur etardi. Santyagoning ko’z o’ngidan xurmozor, quduqlar va suyganining chehrasi ketmasdi. U angliyalikni shisha idishlari, asbob-anjomlari bilan uchratdi, Tuyakashni — o’zining aql-idrokini peshlamaydigan chinakam donishmandni uchratdi. “Balki Alkimyogar hech qachon hech kimni sevmagandir”, — o’yladi u.

Alkimyogar sal oldda yo’rtib borayotir, uning kiftida qirg’iy o’tiribdi — qush sahro tilidan to’la voqif — ular to’xtashgan chog’da o’lja izlab havoga ko’tariladi. Birinchi kuni u changalida quyon bilan qaytdi. Ikkinchi kun — bir juft qush bilan.

Tunda ular ko’rpani yoyishdi. Sahro tuni etni junjiktiradigan salqinligiga va oy botishi bilan qorong’ulik quyuqlashganiga qaramay gulxan yoqishmadi. Safarning birinchi haftasida yo’ldoshlar, gurunglashgan bo’lishsa-da, faqat jang qilayotgan qabilalarni chetlab o’tish haqida gapirishdi. Urush davom etayotgandi — ba’zan shamol qonning achqimtil hidini olib kelardi. Uncha uzoq bo’lmagan joyda jang borardi va shamol bo’zbolaga Belgilar Tili mavjudligini, bu til ko’z ko’ra olmaydigan narsalardan xabar berishga tayyor ekanini eslatdi.

Safarning sakkizinchi kuni Alkimyogar, odatdagidan ko’ra barvaqtroq, dam olish uchun qo’nishga qaror qildi. Qirg’iy osmonga uchdi. Alkimyogar suv solingan suvdonni Santyagoga uzatdi.

— Sening jahongashtaliging poyoniga yetmoqda, — dedi u. — Qutlayman. Sen O’z Yo’lingdan chetga chiqmading.

— Sen esa yo’l bo’yi churq etmading. Men bo’lsam, bilganlaringni o’rgatarsan, deb o’ylabman. Men sahroni alkimyoga doir kitoblari bor bir odam bilan bosib o’tgandim. Biroq ulardan hech nimani tushunmadim.

— Anglashning faqat bitta yo’li bor, — javob qildi Alkimyogar. — Harakat qilmoq. Sayohat seni zarur bo’lgan narsalarning barisiga o’rgatdi. Faqat bir narsa qoldi bilishing kerak bo’lgan.

Santyago uning nima ekanini so’radi, biroq Alkimyogar osmon gumbazidan ko’zini uzmasdi — u o’zining qirg’iyini kuzatardi.

— Nega seni Alkimyogar deyishadi?

— Chunki men Alkimyogarman-da.

— Boshqa alkimyogarlarning — oltinni qidirib topisholmaganlarning xatosi nimada?

— Xatosi shundaki, ular faqat oltinni qidirishgan. Ular yo’lda bekitilgan xazinalarni izlash bilan ovora bo’lib, yo’ldan chetga chiqib ketishgan.

— Xo’sh, mening kamchiligim nimada? — savolini takrorladi bo’zbola.

Alkimyogar hanuz osmonga qarab turardi. Tez orada qirg’iy o’lja bilan qaytdi. Ular qumloqda o’choq qazib, chetdan qaraganda ko’zga chalinmaydigan gulxan yoqishdi.

— Men Alkimyogarman, chunki alkimyogarlik qilaman, — dedi u. — Bu ilmning sirlari bobomdan o’tgan, unga — uning bobosidan va olam paydo bo’lgandan beri shunday. O’sha qadim zamonlarda olam deganlari zumradning qirrasiga jo bo’lgan. Biroq odamlar oddiy narsalarga e’tiborsiz, shu bois qadimda falsafiy asarlar yoza boshlashgan. Qayoqqa qarab yurish lozimligini o’shalar bilishadi, boshqalar gapi asossiz, deb o’ylashgan. Biroq Zumrad Lavha bugun ham bor.

— Unda nima yozilgan? — qiziqib so’radi bo’zbola.

Alkimyogar besh daqiqa qumga nimalarnidir chizdi, bu payt Santyago bozor maydonida keksa podshohni qanday uchratganini esladi, o’shandan beri juda ko’p yillar o’tganday tuyuldi unga.

— Qara, qumga nima yozilganiga, — dedi Alkimyogar, shaklni chizib bo’lib.

Santyago yaqin kelib, o’qidi.

— Axir, bu shifr-ku! — norozi bo’lib xitob qildi u. — Bu angliyalikning kitobidagiday.

— Yo’q. Bu ayni qirg’iylarning osmondagi parvoziday: buni aql bilan tushunib bo’lmaydi. Zumrad Lavhasi — bu Olam Qalbining nomasi. Donishmandlar bizning yashayotgan dunyo jannatga qiyosan, unga o’xshatib yaratilganini allaqachon tushunib yetishgan. Bu dunyoning mavjudligi o’zi — boshqa, bundan-da mukammal dunyo borligining kafolatidir. Qodir egam uni odamlar qalb ko’zi bilan ko’rib ruhlari kamol topsin va o’z aqllarining mo’’jizalaridan hayratga tushsin, deb bino qilgan. Va ayni shuni men Harakat deb atayman.

— Men ham Zumrad Lavhasini o’qishim kerakmi?

— Agar sen hozir alkimyogarning laboratoriyasida bo’lganingda, uni anglashning eng yaxshi usulini o’rganarding. Biroq sen sahrodasan — demak, sahroga uyg’unlash. Sahro jamiki tiriklik kabi senga olamni tushunishda ko’maklashadi. Sahrodagi hamma narsani bilishning hojati yo’q, Buyuk ijod mo’’jizalarini ko’rish uchun bir qum zarrasi kifoya.

— Men qanday qilib sahroga uyg’unlashaman?

— Yuragingga quloq tut. Unga olamdagi hamma narsa ayon, zotan, yurak Olam Qalbi bilan tug’ishgan va vaqti kelib unga qaytadi.

Ular churq etishmay yana ikki kun yo’l yurishdi. Alkimyogar tashvishli ko’rindi: ular shafqatsiz jang borayotgan joyga yaqin kelib qolishgan edi. Bo’zbola esa hanuz yuragining ovozini eshitishga urinardi.

Uning yuragi esa o’jar edi: avvallari mudom qayoqlargadir talpinardi, endi qanday bo’lmasin ortga qaytishga undaydi. Gohida yuragi unga soatlab nurga yo’g’rilgan voqealarni hikoya qilsa, ba’zan ko’tarilib kelayotgan quyoshdan chunonam hapqirib shod bo’lib ketadiki, Santyago pana joyga o’tib yig’lab oladi. Xazinalardan gap ochilganda yuragi tez urib ketar, bo’zbolaning ko’zlari bepoyon sahro ufqlariga termilganda esa tinchib qolardi.

— Nega biz yurakka quloq tutishimiz kerak? — so’radi u, dam olish uchun qo’nishganda.

— Yurak qaerda bo’lsa, xazina ham o’sha joyda.

— Mening yuragim limmo-lim, — dedi Santyago. — U orzu qiladi, hayajonlanadi, sahroda ayollarga talpinadi. Doim nimagadir intiq, Fotima haqida o’yladim deguncha tamom — tun bo’yi uyqu bermaydi.

— Shunisi yaxshi-da. Demak, u tirik. Eshitaver.

Keyingi uch kunda ular jangchilarni uchratishdi, boshqalari uzoqdan ko’rinish berdi.

Santyagoning yuragi qo’rquvdan ogoh etdi. Xazina izlab yo’lga chiqqan, biroq uni topa olmagan odamlar haqida gapirdi. Gohida u bo’zbolani xazinani topa olmasligi, ehtimol, sahroda o’lib ketishi xayoli bilan qo’rqitardi. Ba’zan boriga shukr qilishni uqtirardi: uning sevgan qizi va bir talay oltin tangasi bo’lsa, yana nimasi kam.

— Yuragim xiyonat qilayapti, — dedi u Alkimyogarga, ular otlarning oyog’ini sovutish uchun to’xtashgandi. — Mening yo’lni davom ettirishimni xohlamayapti.

— Bu yaxshilik alomati, — takrorladi u. — Demak, yuraging bir bo’lak go’shtga aylanib qolmagan. Tabiiyki, erishilgan tajribalarni orzu-xayollar shamoliga sovurishdan yuraging tashvishlanayapti.

— Unday bo’lsa, quloq solib nima qilaman?

— Baribir uni tinchlantirish qo’lingdan kelmaydi. Hatto o’zingni unga quloq tutmayotganday qilib ko’rsatsang-da, u sening ko’ksingda urib turaveradi va hayot haqida, dunyo haqida o’ylaganlarini aytaveradi.

— Va menga xiyonat qilaveradimi?

— Xiyonat — kutilmaganda berilgan zarba. Agar yuragingni anglay bilsang, u senga xiyonat qila olmaydi. Shunda sen uning orzularini, jamiki istaklarini bilasan va uni boshqara olasan. Yuragi aytganlaridan hali hech kim qochib qutilmagan. Yaxshisi, uni tinglamoq kerak. Shunda kutilmagan zarba ostida qolmaysan.

Ular sahro bo’ylab yo’l yurishni davom ettirishdi va Santyago yuragi ovoziga quloq tutdi. Tez orada u yuragining injiqliklarini, hiyla-nayranglarini bilib oldi — uni boricha tushunib qabul qila boshladi. Bo’zbola qo’rquvga tushishdan qutuldi va ortga qaytish istagidan xalos bo’ldi — endi vaqt o’tgan, yuragi ham xotirjam edi.

“Agar gohida men nolinsam, nachora, axir, men odamning yuragiman, bu menga xos xususiyat. Hammamiz ham o’zimizning eng aziz orzu-o’ylarimizni amalga oshirishga cho’chiymiz, chunki biz o’zimizni ana shu orzularga noloyiq yoki har qanday holda ham baribir ularga erisholmaymiz, deb o’ylaymiz. Biz, odam yuragi, ma’shuqadan umrbod ajralib qolish xayolidan, xushbaxt kechishi lozim bo’lgan, biroq noxush daqiqalar, topilishi mumkin esa-da, qumlar ostida ko’milganicha qolib ketgan xazinalar haqidagi o’ylardan o’lguday qo’rqamiz. Chunki ana shunday hollar ro’y berganda biz azob chekamiz”.

— Mening yuragim azob chekishdan qo’rqadi, — dedi u Alkimyogarga bir oqshom, qop-qorong’u, oysiz osmonga tikilib turib.

— Sen unga uqtir, azob chekishdan qo’rqish, azobning o’zidan ko’ra yomonroq. O’z orzularini izlab yo’lga chiqqan biror-bir yurak azob chekmaydi, zero, bunday izlanishning har bir daqiqasi — bu Tangri va Abadiyat bilan uchrashuv.

“Har lahza — bu diydor, — dedi Santyago yuragiga. — Qachonki men o’z xazinamni izlabman, kunlarning bari sehrli yog’du bilan yorishgan, zero, men bilardimki, soat sayin o’z orzuimning amalga oshmog’i yaqinlashardi. Qachonki men o’z xazinamni izlabman, men yo’limda hech qachon o’y-xayolimga kelmagan narsalarni uchratdimki, bundayin uchrashuvlar cho’ponlardan jasorat talab etardi”.

Shundan keyin uning yuragi tinchlandi. Oqshom Santyago xotirjam uxladi, uyg’onganidan so’ng yuragi unga Olam Qalbi haqida gapira boshladi. Aytdiki, Tangrini qalbida olib yurgan odam baxtlidir. Baxtni esa, Alkimyogar gapirgan, o’sha bir dona g’aroyib qum zarrasida topish mumkin. Zotan, ana shu zarrani bunyod etish uchun Olamga milliard yil kerak bo’ldi.

“Yerda yashayotgan har qaysi odamni uning xazinasi kutib yotadi, biroq biz — yuraklar sukut saqlashga odatlanganmiz, chunki odamlar ularni qo’lga kiritishni xohlashmaydi. Bu haqda biz faqat bolalarga gapiramiz, keyin esa hayot har kimni o’z Taqdiriga peshvoz yo’llayotganini ko’ramiz. Biroq, baxtga qarshi, sanoqli kishilargina o’zlariga buyurilgan Yo’llaridan borishadi. Dunyo xavotirga soladi va shu boisdan ham xatarli tus oladi.

Shunda biz, yuraklar, past ovozda, shivirlab gapiramiz. Bizning ovozimiz hech qachon tinmaydi, biroq so’zlarimizga quloq tutishlari uchun urinamiz: odamlarning yurakka quloq tutmay aziyat chekishlarini istamaymiz”.

— Nega yurak kishiga o’z orzularini amalga oshirish uchun harakat qilish zarurligini aytmaydi? — so’radi Santyago.

— U holda yurak azob chekishiga to’g’ri keladi, yurak esa azob chekishni xushlamaydi.

Shu kundan boshlab bo’zbola o’z yuragini tushuna boshladi. Va bundan keyin agar u o’z orzulari yo’lidan bir qadam chetga chiqsa, siqilib, og’rib tashvishdan ogoh etishini yuragidan so’radi. Ogohni eshitgach, o’z yo’liga, albatta, qaytishga qasam ichdi.

O’sha oqshom u Alkimyogarga bu gaplarning hammasini aytdi. Alkimyogar Santyagoning yuragi Olam Qalbiga yuz tutganini tushundi.

— Endi men nima qilishim kerak?

— Ehromlarga qarab boraver. Belgilarni ko’zdan qochirma. Yuraging endi xazina qaerdaligini ko’rsatishga qodir.

— Oldinlari menga shu yetishmasmidi?

— Yo’q. Bilasanmi, senga nima yetishmaganini, — dedi Alkimyogar va tushuntira boshladi:

— Orzu amalga oshishidan oldin Olam Qalbi orzumand kishi uning saboqlarini to’la o’zlashtirib olganini sinab ko’rishga qaror qiladi. Olam Qalbi biz o’z orzularimiz bilan birga yo’l-yo’lakay o’zimizga berilgan ilmu saboqlarni ola bilishimiz uchun shunday qiladi. Ayni shu nuqtada aksariyat odamlar jasorat ko’rsatishdan yuz burishadi. Sahro tilida buni “voha ko’zga ko’ringan chog’da chanqoqlikdan o’lish”, deyiladi. Izlanishlar doimo Xayrli Ibtido bilan boshlanadi. Va mana shu sinov bilan intiho topadi.

Santyago yurtida ko’p aytiladigan bir hikmatni esladi: “Eng qorong’u payt — sahar oldi pallasi”.

Ertasi kuni birinchi marta chinakam xavf-xatarning alomatlari yuz ko’rsatdi.Yo’lovchilarga uch nafar jangchi yaqinlashib kelib, ular bu yerda nima qilishayotganini so’rashdi.

— Qirg’iy bilan ov qilayapman, — javob berdi Alkimyogar.

— Biz qurollaring yo’qligiga ishonch hosil qilmog’imiz kerak, — dedi uch jangchining bittasi.

Alkimyogar shoshilmay otdan tushdi. Santyago ham u kabi xotirjam otdan tushdi.

— Nega sen shuncha pulni o’zing bilan olib yuribsan? — dedi bo’zbolaning to’rvasini titkilayotgan jangchi.

— Bu pullar ehromlarga yetib olish uchun menga kerak.

Alkimyogarni tintuv qilayotgan arab uning yonidan qandaydir suyuqlik solingan kichkina shisha idish va sarg’ish, tovuqnikidan sal kattaroq shisha tuxum topdi.

— Bular nima? — so’radi jangchi.

— Iksir bilan Obi-hayot — alkimyogarlarning Buyuk Ijodi. Kimki Obi-hayotni ichsa, kasallikka chalinmaydi. Iksirning mayda ushog’i har qanday metalni oltinga aylantiradi.

Suvorilar o’zlarini tutolmay, qah-qah urib kulishdi, Alkimyogar ham ularga qo’shilib kuldi. Ular Alkimyogarning javobidan huzur qilishdi va hech qanday qarshiliksiz yo’lovchilarga yo’llarida davom etishga ruxsat berishdi.

— Aqldan ozdingmi? — so’radi Santyago, jangchilardan xiyla uzoqlashgach. — Nega bunday qilding?

— Nega deysanmi? Senga dunyoda amal qiladigan oddiy qonunni ko’rsatish uchun, — dedi Alkimyogar. — Biz hech qachon oldimizda qanaqa xazina borligini tushunmaymiz. Bilasanmi, nega shunday? Negaki, odamlar umuman xazinaga ishonishmaydi.

Ular yo’l yurishni davom ettirishdi. Kun sayin Santyagoning yuragi tobora sukut saqlashga odatlanib borayotgandi: uning na o’tmish va na kelajak bilan ishi bor edi; u sahroni tomosha qilish bilan birga bo’zbola qatori Olam Qalbi chashmasidan bahra olardi. Ular o’zaro haqiqiy do’st bo’lib olishdi va endi hech qaysi bir-birini sota olmasdi.

Yurak tilga kirgan chog’dayam, faqat Santyagoning ishonchini mustahkamlash va unga yangidan kuch-quvvat berish uchun gapirar, zotan, gohida sahro sukunati bo’zbolani juda toliqtirib qo’yardi. Yurak unga birinchi marta uning ajoyib fazilatlari, xususan, qo’ylaridan voz kechishga qaror qilganda jur’at ko’rsatgani va do’konda ishlab g’ayrat-ishtiyoqini namoyon etgani haqida gapirdi.

U yana Santyago hech qachon payqamagan bir jihat: o’ziga xavf solgan xatarlar haqida ham gapirdi. Yurak otasidan yashirincha olib chiqqan, qayoqdadir qolib ketgan miltiq haqida gapirdi, bu qurol bilan u o’zini yarador qilib yoki otib qo’yishi hech gap emasdi. Yana bir safar biyday dalada bo’zbola o’zini yomon his etgani, ko’ngli aynib qusa boshlagani, keyin esa hushini yo’qotib yiqilib uxlab qolganini yodiga soldi. Ayni o’sha paytda ikki nafar daydi o’zini o’ldirib, qo’ylarini haydab ketish niyatida uni poylagan. Biroq Santyago ha deganda kelavermagach, ular bo’zbola suruvini boshqa tarafga haydab ketgan bo’lishi kerak, deb jo’nab qolishgan.

— Yurak har doim ham odamga yordam beradimi? — so’radi u.

— Har kimga ham emas. Faqat o’z Taqdiri yo’lidan borayotganga. Va yana bolalarga, mastlar va qariyalarga.

— Bu degani, ular xavf-xatardan xoli deganimi?

— Bu — atigi ularning yuraklari bor kuchini safarbar etadi, degani.

Bir safar ular o’zaro dushman qabilalar jangchilari qo’nalg’alari yonidan o’tishdi. To’rt tomonda bejirim oq yaktakdagi qurolli odamlar ko’zga chalinardi. Ular chilim chekishar va janglar haqida gurunglashardi. Santyago bilan Alkimyogarga biror kishi zarracha e’tibor qaratmadi.

— Biz xavfdan xolimiz, — dedi bo’zbola lashkargohni ortda qoldirishgach.

— Yuragingga ishon, biroq o’zingning sahroda ekaningni bir zum yodingdan chiqarma! Odamlar o’zaro urushayotganda Olam Qalbiga jang shovqini yetib boradi. Quyosh ostida ro’y berayotgan voqealar oqibatidan hech kim qochib qutulolmaydi, — Alkimyogarning ovozida alam ohangini sezish qiyin emasdi.

“Hammasi — bir butun”, — o’yladi Santyago.

Shu payt, go’yo keksa Alkimyogarning haqligiga dalilday, sahroda yo’lovchilar ortidan quvib kelayotgan bir juft suvori ko’rindi.

— Yo’lni davom ettirishlaring xavfli, — dedi ularga yetib kelgan jangchilardan biri. — Bu yerda urush ketayapti.

— Biz ko’p yurmaymiz, — javob qildi Alkimyogar uning ko’ziga tik qarab.

Jangchilar bir lahza qotib turishdi, keyin esa yo’lovchilarni o’tkazib yuborishdi. Santyago hayratga tushdi.

— Sen ularni ko’zing bilan qotirdingmi?

— Ko’zning qarashi ruhning qudratini namoyon etadi, — javob qildi Alkimyogar.

“Ha, bu shunday”, — o’yladi bo’zbola, lashkargohni yonlab o’tishayotganda jangchilardan biri ularga uzoq tikilib qaraganini eslab. Ular uzoqda edi, hatto o’sha jangchining yuzini payqab bo’lmasdi, biroq baribir Santyago o’ziga tikilgan nigohni his etdi.

Va nihoyat, ular ufqni to’sgan toqqa ko’tarila boshlaganda Alkimyogar ehromlargacha ikki kunlik yo’l qoldi, deb aytdi.

— Garchi yaqin orada xayrlashadigan bo’lsak ham, meni alkimyoga o’rgat.

— Sening o’rganishingga hojat yo’q. Bu ilm Olam Qalbiga uyg’unlasha bilishdan va u yerda o’zingga tayin etilgan xazinani topishdan iborat ekanini bilasan.

— Men boshqa narsani nazarda tutayapman. Men qo’rg’oshinni qanday qilib oltinga aylantirishni bilishni istayman.

— Olamdagi jamiki mavjud narsalar rivojlanadi, biri boshqasiga aylanadi, — javob qildi u. — Va donishmandlar fikricha, oltin metall hisoblanadi, bu metall boshqalaridan ko’ra uzoqroq rivojlanish, o’zgarishga yuz tutgan. Nima uchun deb mendan so’rama — bilmayman. Men faqat shunday bo’lganidan xabardorman, xolos. Biroq odamlar donishmandlarning so’zlarini buzib talqin qilishgan. Oqibatda oltin rivojlanish, taraqqiyot timsoli bo’lish o’rniga, adovat, nizo belgisiga aylangan.

— Tevaragimizdagi olam ko’p tillarda gapiradi, — dedi bo’zbola. — Burun tuyaning o’kirgani men uchun shunchaki o’kirik edi, xolos. Keyin bu xatardan ogoh etuvchi tovushga aylandi. Va nihoyat — yana o’kirik bo’lib tuyuldi, — dedi Santyago, biroq shu lahzada Alkimyogarga usiz ham hamma narsa ayon ekanini anglab qolib, jim bo’ldi.

— Men chinakam alkimyogarlarni tanirdim, — davom etdi Alkimyogar. — Birlari o’z laboratoriyalaridan chiqmay, xuddi oltin kabi rivoj topmoqchi bo’lishdi — Iksir shu tariqa kashf etildi. Zotan, ular qandaydir bir narsa rivojlanayotgan ekan, demak, uning tevaragidagi bor narsalar ham o’zgarishini tushunishgan. Boshqa birlari tasodifan Hikmat Toshini topishdi. Ular qobiliyatdan benasib bo’lishmagan va ularning qalbi boshqa oddiy odamlarnikidan ko’ra sezgir bo’lgan. Biroq bundaylar juda kamchil. Uchinchi toifa alkimyogarlar esa faqat oltin izlashgan. Ularga sirni ochish, baribir, nasib etmagan. Ular qo’rg’oshinning ham, misning ham, temirning ham o’z Yo’li borligini unutishgan. Zero, birovning Taqdiriga aralashgan kishi, albatta, o’zining shaxsiy Yo’lini yo’qotadi.

Alkimyogarning ushbu so’zlari xuddi la’natday eshitildi. Keyin u egildi va yerdan chig’anoqni oldi.

— Bir zamonlar bu yerda dengiz bo’lgan, — dedi u.

— Ha, men sezgandim, — dedi javoban bo’zbola.

Alkimyogar unga chig’anoqni qulog’iga tutishni aytdi. Santyago bolaligida ko’p marta shunday qilgandi va hozir yana dengiz shovqinini eshitdi.

Dengiz hanuz shu chig’anoq ichida, demak, u o’z Taqdiri yo’lida. Va u chig’anoqni, toki sahroda tag’in to’lqinlar oqib o’ynamaguncha, tark etmaydi.

Ular otlariga minishdi va Misr ehromlari tomon yo’l tortishdi.

Santyagoning yuragi xavfdan ogoh etib belgi bergan chog’da quyosh mag’ribga og’a boshlagan edi. Ular bu daqiqalarda ulkan qum barxanlari orasida borishardi. Santyago Alkimyogarga qaradi, biroq u aftidan hech nimani payqamagandi. Besh daqiqada keyin bo’zbola oldinda ikki nafar suvorining qorasini aniq-tiniq ko’rdi. U gapirmoqchi bo’lib og’iz juftlagan ham ediki, ikkita o’ntaga, o’nta-yuztaga ko’paydi va oxir-oqibat barxanlarni son-sanoqsiz lashkar qopladi.

Suvorilar havorang kiyimda edi. Ularning sallalari qora tasma bilan tang’ib boylangan, yuzlari esa ko’zlarigacha havorang mato bilan bekitilgan.

Hatto uzoqdan ham bu ko’zlar ruh qudratini namoyon qilib, yo’lovchilarga o’limni daraklardi.

Santyago bilan Alkimyogarni lashkargohga olib kelishdi, chodirga itarib kiritib yuborishdi, bo’zbola hali bunaqasini ko’rmagan edi; ularni qabila boshlig’iga ro’para qilishdi. Uning tevaragida harbiy sardorlari saf tortib turishardi.

— Bular ayg’oqchilar, — ma’lumot berdi asirlarni boshlab kelganlardan biri.

— Yo’q. Biz yo’lovchilarmiz, xolos.

— Uch kun burun sizlarni dushmanlarimiz qo’nalg’asida ko’rishgan. Sizlar qaysidir bir jangchi bilan gaplashgansiz.

— Men sahro yo’llarini bilaman va yulduzlarga qarab yo’l topaman, — javob qildi Alkimyogar. — Sizlarning dushmanlaring qancha ko’pligi va ular qay tomonga harakat qilayotgani menga qorong’u. Men lashkargohingizgacha o’zimning do’stimni kuzatib keldim.

— Kim o’zi bu? — so’radi qabila boshlig’i.

— Alkimyogar, — javob qildi Alkimyogar. — U tabiatning jamiki kuch-qudratidan boxabar va senga o’zining g’aroyib iste’dodini ko’rsatishni istaydi.

Santyago miq etmay, qo’rquv ichida tingladi.

— Musofir bizning o’lkamizda nima qilib yuribdi, — so’radi boshqa bir harbiy sardor.

— U sizning qabilaga pul olib keldi, — javob qildi Alkimyogar va bo’zbola og’zini juftlab ulgurmay boshliqqa uning hamyonini uzatdi.

Qabila boshlig’i indamay oltinni oldi — unga ko’p qurol sotib olsa bo’lardi.

— “Alkimyogar” degani nima? — so’radi harbiy sardorlardan biri.

— Bu tabiat va olamning sirini biladigan odam. Agar xohlasa, u lashkargohingizni birgina shamolning kuchi bilan yo’q qiladi.

Arablar kulib yuborishdi. Ular urushning vayron qiluvchi kuchiga ko’nikishgan edi, shamolning bunday qudratga egaligiga ishonishmasdi. Biroq ularning yuragiga qo’rquv oraladi. Ularning bari sahroyi edi, shu boisdan ham sehrgarlardan cho’chishardi.

— Buni u qanchalik uddalay bilishini men ko’rishni istayman, — dedi eng katta boshliq.

— Bizga uch kun muhlat bering. Va mening hamrohim, sizga o’z kuchini ko’rsatish uchun, shamolga aylanadi. Agar buni u uddalay bilmasa, biz hayotimizni sizga topshiramiz.

— Shunday ham menga tobe bo’lgan hayotni menga topshirishning hojati yo’q, — qat’i javob qildi harbiy boshliq.

Biroq uch kun kutishga rozi bo’ldi.

Santyago qo’rquvdan tamom dovdirab qoldi. Alkimyogar uni qo’lidan tortib chodirdan olib chiqdi.

— Qo’rqayotganingni ularga sezdirma. Bular jasoratli odamlar, qo’rqoqlarni yomon ko’rishadi.

Shunga qaramay, Santyagoning ancha vaqt tili kalimaga kelavermadi. Ular qo’nalg’ada erkin aylanib yurishdi, arablar faqat otlarini olib qo’yishdi. Va olam yana bir bor ko’ptilli ekanini ko’rsatdi: burun chek-chegarasiz va ochiq-oydin bo’lgan sahro endi qamoqxonaga aylandiki, undan qochishning imkoni yo’q.

— Sen ularga mening bor pulimni berding! — dedi u. — Hammasini, umrim bo’yi ishlab topgan boyligimni!

— O’lishga to’g’ri kelsa, ularning senga nima keragi bor? Sening pullaring umringni uch kunga uzaytirdi. Odatda pul ajalni bir daqiqaga ham kechiktirolmaydi.

Biroq Santyago dono va’zlarni eshitishdan yiroq, u qattiq qo’rqqan edi. U qanday qilib shamolga aylanishni bilmasdi — alkimyogar emasdi.

Alkimyogar esa jangchidan choy opkelishini so’radi va bo’zbolaning bilagiga bir necha tomchi tomizib, allaqanday tushunarsiz so’zlarni aytdi. Va darhol bo’zbola vujudini qo’rquv-xavotir tark etganini his qildi.

— Ko’pam afsus chekaverma, — favqulodda erkalagan ovozda dedi Alkimyogar. — Gap shundaki, hali sen yuraging bilan gaplashib olishga ulgurmagansan.

— Axir, men shamolga aylana olmayman-ku!

— Kimki O’z Taqdiri yo’lidan borayotgan ekan, u hamma narsani biladi va uddalay oladi. Faqat bir narsa orzuning ro’yobga chiqishiga monelik qiladi— bu omadsizlikdan cho’chish.

— Men omadsizlikdan cho’chimayman. Faqat bilmayman, qanday qilib shamolga aylanishni.

— O’rganishga to’g’ri keladi. Sening hayoting shunga bog’liq.

— Agar qo’limdan kelmasa-chi?

— U holda o’lasan. Biroq O’z Taqdiring yo’lida o’lmoq, hatto Yo’lning mavjudligini xayoliga ham keltirmagan minglab odamlar qatori qazo qilishdan ko’ra yuz bor afzal. Xullas, tashvishlanma. Odatda o’lim xavfi hayotiy kuchlarni va sezgilarni kuchaytiradi.

Birinchi kun o’tdi. Sahroda katta jang bo’ldi, yaradorlarni qo’nalg’aga keltirishdi. “O’lim hech narsani o’zgartirmaydi”, — o’yladi Santyago. Safdan chiqqanlarning o’rnini boshqalar egallashadi va hayot o’z maromida davom etaveradi.

— Sen keyinroq o’lishing ham mumkin edi, do’stim, — dedi jangchilardan biri o’zining halok bo’lgan birodariga. — Hozir bo’lmasa, urushdan keyin. Qanday bo’lmasin, baribir, ajalga chap berishning iloji yo’q.

Shomga yaqin bo’zbola Alkimyogarni izlab ketdi.

— Men shamolga aylana olmayman, — dedi u Alkimyogarga.

— Esla, men senga nima degandim: olam bu Tangrining zohiriy qismi. Alkimyo esa ruhiy komillikni moddiylashtiradi.

— Sen nima qilayapsan, — so’radi Santyago.

— Qirg’iyimni ovqatlantirayapman.

— Shartmi? Agar men shamolga aylana olmasam ikkimizni ham o’ldirishadi-ku.

— Ikkalamiznimas, seni, — javob qildi Alkimyogar. — Men esa shamolga aylana olaman.

Ikkinchi kuni bo’zbola qo’nalg’a chetidagi qoyaning ustiga chiqdi. Qorovullar uni qarshiliksiz o’tkazib yuborishdi: ular shamolga aylana oladigan sehrgar paydo bo’lganini eshitishgan va undan chetroq yurishga urinishardi. Qolaversa, sahro harqalay zindondan tuzukroq.

Santyago oqshomgacha — kun bo’yi sahroni kuzatdi. Yuragiga quloq tutdi. Sahro esa uning qo’rquvini uqdi.

Ular bir tilda gaplashishdi.

Uchinchi kuni qabila boshlig’i o’zining harbiy sardorlarini yig’di.

— Ko’raylik-chi, bu bo’zbola qanday qilib shamolga aylanarkan, — dedi u.

— Ko’ramiz — javob qildi Alkimyogar.

Santyago ularni o’zi kecha kun bo’yi o’tirgan joyga olib bordi. Keyin o’tirishlarini so’radi.

— Biroz kutishga to’g’ri keladi, — dedi u.

— Shoshayotgan joyimiz yo’q, — dedi qabila boshlig’i. — Bizlar sahro odamlarimiz.

Santyago ufqqa qaradi. Oldda tog’lar, qum barxanlari, qoya-toshlar bor; giyoh ko’karishi aqlga sig’maydigan qumloqda ajabtovur yer bag’irlab o’t-o’lanlar o’sib yotibdi. Uning ro’parasida sahro yastanib yotibdi — bir necha oy uni kezdi, biroq baribir sahro siru sinoatining arzimasgina qismidan xabardor bo’ldi. Yo’lida angliyalikni, karvonlarni uchratdi, qabilalar o’rtasidagi janglarga guvoh bo’ldi, ellik ming tub xurmo ko’karib turgan va uch yuzta quduqli vohani, Fotimani ko’rdi.

— Xo’sh, — so’radi undan sahro, — senga yana nima kerak? Kuni kecha bir-birimizga termilib to’ymaganmidik?

— O’sha tarafda, sening qum barxanlaring orasida mening sevgan yorim yashaydi, — javob qildi Santyago. — Senga termilganimda men uni ham ko’raman. Uning yoniga qaytgim keladi, buning uchun sening ko’maging kerak. Men shamolga aylanishim darkor.

— “Sevgi” deganlari nima o’zi? — so’radi sahro.

— Sevgi — bu qum barxanlar ustidagi qirg’iy parvozi. Uning uchun sen yam-yashil o’tloqsan. U sening qoya toshlaringni, sening barxanlaringni, tog’laringni biladi. Sening esa unga bag’ring doimo ochiq.

— Qirg’iyning tumshug’i menga azob beradi, — javob qildi sahro. — Mening yillar bo’yi yetishtirganim unga o’lja bo’ladi, vaholanki, men uni kamchil suvim bilan sug’oraman, qornini qaerda to’ydirishini ko’rsataman. Keyin esa osmondan sho’ng’ib keladi — endi men qumlarimda hayot borligidan quvonaman degan pallada u yetiltirganimni ilib olib ketadi.

— Biroq sen uning uchun yetiltirgansan-ku. Qirg’iyni boqish uchun. Qirg’iy esa odamni boqadi. Bir payt kelib odam sening qumlaringni to’yintiradi va shunda yana hayot jonlanadi, qirg’iyga o’lja paydo bo’ladi. Olam shunday yaralgan.

— Sevgi deganlari shumi?

— Sevgi deganlari shu. Sevgi o’ljani qirg’iyga aylantiradi, qirg’iyni — odamga, odamni esa sahroga. Qo’rg’oshinni oltinga aylantiradigan, oltinni yer ostiga bekitadigan sir shu.

— Men bu gaplarning ma’nisiga tushunmayman, — javob qildi sahro.

— U holda bir narsani tushun: sening qum barxanlaring orasida meni bir ayol kutayotir. Va shuning uchun men shamolga aylanishim kerak.

Sahro bir muddat jim qoldi.

— Men senga qumlarimni beraman, shamol ularni quyunga aylantirishi uchun. Biroq bu kam. Yolg’iz o’zim hech nima qilolmayman. Shamoldan yordam so’ra.

Yengilgina shamol qo’zg’aldi. Harbiy sardorlar uzoqdan turib bo’zbolaning o’zlariga tushunarsiz tilda kim bilandir gaplashayotganini kuzatishardi.

Alkimyogar kulimsiradi.

Shamol Santyagoga yaqinlashdi, uning yuziga urildi. Shamol uning sahro bilan gaplashganini eshitdi, chunki shamollar hamma narsadan xabardor. Ular dunyo kezib yelib-yugurishadi, ularning tug’ilgan makoni ham, o’lim topgan joyi ham yo’q.

— Menga yordam ber, — dedi unga bo’zbola. — Bir safar menga sen sevgilimning ovozini olib kelgan eding.

— Sahroning va shamolning tilida gaplashishni senga kim o’rgatdi?

— Mening yuragim, — javob qildi Santyago.

Shamolning nomi ko’p edi. Bu yerda uni “sirokko” deyishadi, arablar uni sersuv va qoratanli odamlar yashaydigan o’lkalardan yeladi, deb o’ylashadi. Santyagoning yurtida esa uni “levantinlik” deyishadi, chunki bu shamol sahro qumlarini va mavrlarning jangovar hayqiriqlarini olib keladi, deb o’ylashgan. Ehtimol, qo’ylar uchun yaylov yo’q uzoq mamlakatlarda odamlar bu shamol Andalusiyada tug’iladi, deb hisoblashgan. Biroq shamol hech qaerda tug’ilmaydi va hech qaerda o’lmaydi, shu boisdan ham u sahrodan qudratliroq. Chunki sahroda nimadir ko’kartirishga odamlar qodir; ular sahroda qo’ylarni ham ko’paytira olishadi, biroq shamolni o’z izmlariga sola olishga ularning qurbi yetmaydi.

— Sen shamolga aylana olmaysan, — dedi shamol. — Sen bilan bizning aslimiz boshqa-boshqa.

— Noto’g’ri, — javob qildi Santyago. — Men sen bilan birga dunyo kezganimizda, menga alkimyo sirlari ayon bo’ldi. Endi menda shamol ham, sahro ham, okean ham, yulduzlar ham, Olamda bino bo’lgan hamma narsa jam bo’lgan. Bizni — senu meni bir qo’l bino etgan va bizning qalbimiz ham bitta. Men senday bo’lishni xohlayman, har qanday kavakka kirishni, dengizlar ustida yelishni, xazinamni bekitib yotgan qum barxanlarini to’zitishni, sevgilimning ovozini olib kelishni istayman.

— Bir safar men sening Alkimyogar bilan gaplashganingni eshitdim, — dedi shamol. — U har kimning o’z Yo’li bor, dedi. Odam shamolga aylanmasligi kerak.

— Bir necha lahzaga bo’lsa-da senga aylanishni o’rgat. O’shanda odamning va shamolning cheksiz imkoniyatlarini muhokama qilamiz.

Shamol qiziquvchan edi — bunaqasini hali uchratmagandi. Uning ana shu masalada tortishgisi keldi, biroq u chindan ham odamni shamolga aylantirishni bilmasdi. Aslida esa juda ko’p narsaga qodir! Sahroni paydo qila olardi, kemalarni cho’ktirardi, asrlik daraxtlarni va hatto butun bir o’rmonni qulatardi, musiqa yangrab turgan, tushunarsiz tovushlar taralib turgan shaharlar uzra yelib o’tardi. Olamda hamma narsaga qurbim yetadi, deb hisoblagan shamolga endi bu bolakay o’z xohishini ro’kach qilib, buni ham amalga oshirishga qobilsan, deb qistayotir.

— Bu “sevgi” deyiladi, — dedi Santyago, shamol o’zining iltimosini bajarishiga ishonib. — Agar sevsang, xohlagan narsaga aylana olasan. Agar sevsang, nimalar bo’layotganini tushunishga mutlaqo hojat yo’q, zero, hamma narsa bizning botinimizda kechadi, demak, odam shamolga bemalol aylana oladi. Albatta, shamol unga yordam bersa.

Shamol mag’rur edi, shu bois Santyagoning gaplari uni ranjitdi. U kuchli esa boshladi, sahro qumlarini to’zitdi. Biroq oxir-oqibat, garchi butun dunyoni kezgan esa-da, odamni shamolga aylantira olmasligini tan olishga majbur bo’ldi. Sevgini ham bilmasligiga iqror bo’ldi.

— Men odamlarning sevgi haqida gapira turib, osmonga tikilishlariga ko’p bor guvoh bo’lganman, — dedi shamol, o’z ojizligini tan olganidan jazavasi qo’zib. — Ehtimol, sen ham osmonga murojaat qilarsan, a?

— Bu ham bir fikr, — ma’qulladi Santyago. — Faqat sen menga yordamlash: chang-to’zon ko’targin, men quyoshga qaray olay va ko’zlarim qamashmasin.

Shamol yanada kuchli esdi, osmon qum to’zoni bilan qoplandi va quyosh oltin barkashga aylandi.

Qo’nalg’adan turib kuzatayotganlar hech narsani ajrata olishmadi. Sahro odamlari shamolning bu qilig’ini bilishar va uni “samum”, deb atashardi. Ular uchun bu dengiz bo’ronidan-da dahshatli edi, vaholanki, ular umr bo’yi dengizda bo’lishmagandi. Otlar kishnab yubordi, qum zarralari qurol-yarog’ga urilib g’ichirladi.

Harbiy sardorlardan biri qabila boshlig’i tomon burilib dedi:

— Yetarli bo’ldi, chamamda?

Ular Santyagoni ko’rmasdi. Yuzlari oq ro’mol bilan ko’zlarigacha burkangan, ko’zlarida qo’rquv qotib qolgan.

— Buni to’xtatish kerak, — dedi boshqa bir harbiy sardor.

— Mayli, Olloh o’zining jamiki qudratini namoyon etsin, — javob qildi qabila boshlig’i. — Men odam qanday qilib shamolga aylanishini ko’rishni istayman.

Biroq qo’rqqanini sezdirganlarning ismini u eslab qoldi. Va shamol tingach, ikkalasini ham mansabidan olib tashlashga qaror qildi, zero, sahroda qo’rqish yaramaydi.

— Shamol menga seni sevgini biladi deb aytdi, — Quyoshga murojaat qildi Santyago. — Shunday bo’lsa, Olam Qalbini ham bilishing kerak — axir, Olam Qalbi sevgidan bino bo’lgan.

— Bu joydan menga Olam Qalbi ko’rinib turadi, — javob qildi Quyosh. — U mening qalbimga murojaat etadi va biz birgalikda o’t-o’lanni o’sishga, qo’ylarni esa soya joylarni qidirib topishga majbur etamiz. Bu joyda turib — bu joy sizlarning dunyongizdan juda olisda — men sevishga o’rgandim. Bilaman, agar Yerga ozgina yaqinlashsam, jamiki jonzot halok bo’ladi va Olam Qalbi barham topadi. Va biz uzoqdan bir-birimizga termilamiz, uzoqdan turib bir-birimizni sevamiz. Men Yerga hayot va issiqlik bag’ishlayman, Yer esa — mavjudligimning mohiyatini ta’minlaydi.

— Sen sevgini bilasanmi? — takror so’radi Santyago.

— Olam Qalbini ham bilaman, chunki koinotni tinimsiz kezib, biz u bilan ko’p gaplashamiz. U menga o’zining asosiy muammosini gapirib berdi: hozirgacha faqat toshlar va giyohlar olamdagi hamma narsalarning yagonaligini tushunadi. Shu bois temirning misga o’xshashi, misning esa oltindan farq qilmasligi talab etilmaydi. Bu yagona olamda har narsaning o’zining aniq vazifasi bor va agar bularni bitgan Qo’l Ijodning beshinchi kunida to’xtaganida, barisi bir yagona Simfoniyaga uyg’unlashardi. Biroq oltinchi kun ham bor edi.

— Sen donosan, — javob qildi bo’zbola, — chunki hammasini uzoqdan ko’rib turasan. Biroq sen sevgi nimaligini bilmaysan. Agar odam paydo bo’lmaganida Ijodning oltinchi kuni ham bo’lmasdi. Mis misligicha qolaverardi, qo’rg’oshin — qo’rg’oshinligicha. Ha, har narsaning o’z Yo’li bor, biroq bu yo’l payti kelib bosib o’tiladi. Shuning uchun nimagadir aylanmoq kerak, yangi Yo’lni boshlash lozim. Va olam Qalbi chindan yaxlitlik kasb etguncha yo’lni davom etish zarur.

Quyosh bir zum o’ylanib qoldi va yorqin nur socha boshladi. Bu suhbatdan huzur tuygan shamol ham, Santyagoning ko’zini qamashtiradigan nurlardan asrab, kuchli esa boshladi.

— Alkimyoning mavjudligi shundanki, — davom etdi Santyago, — har kim o’z xazinasini qidirsin va topsin, shundan so’ng burungisidan ko’ra yaxshi bo’lishni xohlasin. Qo’rg’oshin o’z vazifasini dunyoga kerak bo’lgunigacha ado etadi, shundan so’ng u oltinga aylanishi lozim. Alkimyogarlar shunday deyishadi. Va ular shuni dalillab berishadiki, biz oldingidan ko’ra yaxshi bo’lishga intilgan vaqtda tevarak-atrofimiz ham yaxshi bo’lib boradi.

— Mening sevgini bilmasligimni qayoqdan olib aytayapsan? — so’radi Quyosh.

— Chunki sevganingda bir joyda, sahroga o’xshab, turib bo’lmaydi, dunyo bo’ylab, shamolga o’xshab izg’imaydi, senga o’xshab hamma narsaga uzoqdan qaramaydi. Sevgi — bu kuch, u Olam Qalbini yangilaydi va yaxshilaydi. Men ilk bor unga uyg’unlashganimda, u menga mukammal bo’lib ko’rindi. Keyin men ko’rdimki, u — bizning barimizning aksimiz ekan, unda o’z ehtiroslarimiz jo’sh urarkan, o’z urushlarimiz kecharkan. Uni biz oziqlantiramiz va biz yashayotgan yerning yaxshilikka yoki yomonlikka yuz burishi bizning yaxshi yoki yomon bo’lishimizga bog’liq. Ayni mana shu joyda sevgi kuchi ish beradi, zero, sevsang yaxshi bo’lishga intilasan.

— Xo’sh, mendan nima istaysan?

— Shamolga aylanishimga yordam ber.

— Tabiatga ayonki, olamda mendan-da dono hech kim yo’q, — javob qildi Quyosh, — biroq men ham sening qanday qilib shamolga aylanishingni bilmayman.

— Endi men kimga murojaat qilay?

Quyosh bir zum o’ylanib qoldi: suhbatni eshitgan shamol darhol butun dunyoga olam chirog’ining donoligi chegarasiz emas ekan, deya xabar tarqatadi. Qolaversa, Olam Tilida gapirib turgan bu bo’zboladan ham qochish aqldan emas.

— Yordamni Hammasini Bitgan Qo’ldan so’rab ko’r, — dedi Quyosh.

Shamol shodon qiyqirdi va behad kuch bilan esa boshladi. Bir necha chodirlar qulab tushdi, qoziqqa bog’langan otlar yuganini uzdi, qoyadagi odamlar uchib tushib ketmaslik uchun bir-birlariga qapishib olishdi.

Santyago Hammasini Bitgan Qo’lga o’girildi va shu damdayoq Olam sukutga cho’mdi. U jimlikni buzishga jur’at etolmadi.

Keyin Sevgi kuchi uning yuragidan toshdi va bo’zbola ibodatga kirishdi. U ibodatida hech narsa tilanmadi, biror-bir so’z demadi, qo’ylari yaylovli bo’lgani uchun shukrona aytmadi ham, billur do’koniga ko’proq xaridor kelishini-yu, o’zi sahroda uchratgan qiz uni kutishini ham o’tinib so’ramadi. Atrofga cho’kkan jimlikda u Qo’l tomonidan kiritilgan belgilarni sahro, shamol va quyosh ham qidirayotganini tushundi. Bo’zbola bu belgilar butun Yer yuzi va koinotga tarqalib ketganini tushundi va sirtdan qaraganda ularning hech qanday ahamiyatli jihati yo’qligini angladi. Na sahro, na shamollar va na odamlar ularning nima maqsadda yaratilganini bilishmaydi. Faqat Hammasini Yaratgan Qo’lning bunga aloqasi bor va faqat U mo’’jiza yaratishga: okeanlarni sahrolarga, odamni — shamolga aylantirishga qodir. Zero, Uning yolg’iz o’zi Olam olti kunlik Ijod jarayonida Buyuk Ijod mahsuliga aylanishini tushunardi.

Bo’zbola Olam Qalbiga uyg’unlashdi va ko’rdiki, Olam Qalbi — Tangri Qalbining bir bo’lagi, xolos, Tangri Qalbi esa uning o’zining qalbi. Va, demak, u mo’’jizalar yaratishga qodir.

O’sha kuni samum har qachongidan-da kuchli esdi. Shamolga aylangan bo’zbola va bu shamolning butun qo’nalg’ani yer bilan yakson qilguday quturib, kimsan qabila boshlig’ining o’zini maydonga chorlagani haqidagi rivoyat avloddan avlodga o’tib yuradi.

Shamol tingach, hamma bo’zbola turgan joyga qaradi, biroq u yo’q edi. U qo’nalg’aning narigi boshida, yarmi qumga ko’milgan qo’riqchining yonida o’tirardi.

Sehrli Kuch hammani qo’rqitdi. Faqat ikki kishi kuldi: shogirdidan ko’ngli to’lgan Alkimyogar va qabila boshlig’i — u bo’zbolaning Tangri taolo qudratini anglaganini tushundi.

Ertasi kuni u Santyago bilan Alkimyogarni to’rt taraflaring ochiq, deya qo’yib yubordi, ularni kuzatib qo’yish uchun jangchilaridan birini qo’shdi.

Ular otda kun bo’yi yo’l bosishdi, qosh qoraya boshlaganda esa Alkimyogar jangchini ortiga qaytardi va egardan tushdi.

— Naryog’iga yolg’iz o’zing ketasan, — dedi u Santyagoga. — Ehromlargacha uch soatli yo’l qoldi.

— Rahmat senga, — javob qildi bo’zbola. — Sen meni Umum Tiliga o’rgatding.

— Men senga o’zing biladigan narsani eslatdim, xolos.

Alkimyogar koptlar ibodatxonasining darvozasini taqillatdi. Qora libosda ruhoniy chiqib keldi, ular koptchada qisqagina nima haqdadir gaplashib olishdi va Alkimyogar Santyagoni ichkariga taklif qildi.

— Seni menga yordam beradi, deb aytdim.

Ibodatxona oshxonasida Alkimyogar o’choqqa o’t yoqdi. Ruhoniy bir bo’lak qo’rg’oshin olib keldi va Alkimyogar qo’rg’oshinni temir idishga solib, olovga qo’ydi. Qo’rg’oshin erigach, u cho’ntagidan sariq shisha tuxum chiqardi, undan to’g’nog’ichning boshiday bo’lakchani ushatib mumladi va erigan qo’rg’oshinga tashladi.

Suyuqlik qonday qizil tusga kirdi. Alkimyogar qozonchani olovdan oldi va sovushi uchun chetga qo’yib, ruhoniy bilan sahrodagi urush haqida gurunglashdi.

— Uzoq davom etar-ov, deb qo’rqaman, — dedi u.

Ruhoniy afsuslandi: urush bois karvonlar qachondan beri G’izoda turib qolishdi. “Bari Tangrining irodasi bilan”, — qo’shib qo’ydi u itoatkorona ohangda.

— To’g’ri, — dedi Alkimyogar.

Nihoyat qozoncha sovigach, Santyago bilan ruhoniy hayratlanib qarab qolishdi: idishda doira shaklida qotgan qo’rg’oshin oltinga aylangan edi.

— Nahotki bir kun kelib men ham shunga o’rgansam? — so’radi bo’zbola.

— Bu mening Yo’lim edi — mening, sening emas. Men senga buning mumkin ekanligini ko’rsatgim keldi, xolos.

Ular yana ibodatxona darvozasiga kelishdi va shu yerda Alkimyogar oltin gardishni to’rt bo’lakka bo’ldi.

— Bu senga, — dedi u bittasini ruhoniyga uzatib. — Doim ziyoratchilarni ochiqko’ngillik bilan kutib olganing uchun.

— O’zimning ochiqko’ngilligim uchun juda ko’p olayapman men, — e’tiroz bildirdi ruhoniy.

— Hech qachon bunday demagin. Devorning ham qulog’i bor, hayot keyingi safar ulushingni kamaytirib qo’yishi mumkin, — javob qildi Alkimyogar va Santyagoga o’girildi. — Mana bu esa senga, qabila boshlig’i olib qo’ygan pullaring evaziga.

Bo’zbola ham bu oltin juda ko’pligini aytgisi keldi, biroq jim bo’ldi.

— Bu menga, — davom etdi Alkimyogar. — Men uyga qaytishim kerak, sahroda esa urush davom etayotir.

To’rtinchi bo’lakni qo’liga olib, u yana ruhoniyga dedi:

— Bu — tag’in Santyago uchun. Ehtimol, asqotar.

— Axir, men xazinani qidirib ketayapman-ku! — qichqirdi u. — Juda yaqin qoldim ularga!

— Men ham ishonaman, sen ularni topasan, — dedi Alkimyogar.

— Unda menga oltinning nima keragi bor?

— Chunki sen ikki marta boringdan ajralding. Birinchi marta seni tovlamachi aldab ketdi, ikkinchisida qabila boshlig’i shildi. Men keksa irimchi arabman, o’zimizning maqolimizga ishonaman. Maqol shunday:

“Bir bo’lgan hodisa, boshqa takrorlanmasligi mumkin. Biroq ikki bor ro’y bergan hodisa, albatta, uchinchi marta ham ro’y beradi”.

Ular otlarga minishdi.

— Senga tushlar tarixidan bir rivoyat aytib bermoqchiman, — dedi Alkimyogar. — Baqamtiroq yur.

Bo’zbola bo’ysundi.

— Shunday qilib, Qadimgi Rimda, mustabid Tiberiya zamonida bir yaxshi odam yashab o’tgan, uning ikki nafar o’g’li bo’lgan. Ulardan biri jangchi bo’lib, saltanatning uzoq chet hududiga xizmatga otlangan. Ikkinchisi esa Rim ahlini hayajonga solgan she’rlar yozgan.

Kunlardan bir kun chol tush ko’radi, tushida unga samo farishtasi uchrab, uning o’g’illaridan birining so’zlari butun dunyoda mashhur bo’lishi va bir necha yuzlab yillardan keyin ham ularni odamlar takrorlashini bashorat qiladi. Quvonganidan chol yig’lab yuboradi: taqdir unga kulib boqqan, har qanday otaga ham nasib etavermaydigan oliy sevinchni in’om etgandi.

Oradan ko’p o’tmay u halok bo’ladi — og’ir aravaning g’ildiragi tagidan bir yosh bolani qutqaradi, biroq o’zi g’ildirak tagida qoladi. Taqvoli umr kechirgani bois, uning ruhi to’g’ri samoga yo’l oladi va samoda tushida ko’rgan farishtani uchratadi.

— Sen yaxshi, ezgu inson eding, — deydi unga farishta. — Hayoting mehr-muhabbatga to’lug’ edi, qazoying — izzatli bo’ldi. Men sening xohlagan tilagingni ado eta olaman.

— Hayot ham mendan ezguliklarini darig’ tutmadi, — javob qiladi qariya. — Sen tushimda ko’ringaningda, qilgan barcha sa’y-harakatlarim behuda emasligini his etdim. Zotan, o’g’limning she’rlari avloddan-avlodga o’tadi. Men o’zim uchun hech nima so’ramayman, har qanday ota ham o’zi tarbiyalagan, o’qitgan farzandi shuhrati bilan g’ururlanadi. Shuning uchun men uzoq kelajakda o’g’limning she’rlari qanday jaranglashini bir eshitsam, degandim.

Shunda farishta uning yelkasiga yondashadi va har ikkalasi ko’z ochib yumguncha uzoq kelajakda — katta shaharda, notanish tilda gaplashayotgan minglab odamlar orasida paydo bo’lishadi.

Qariya quvonganidan yana ko’ziga yosh oladi.

— Men o’g’limning she’rlari asrlar osha yashashini bilardim, — deydi u ko’zlarida yosh bilan. — Ayt-chi, bu odamlar uning qaysi satrlarini takrorlashayotir.

Farishta mehribonlik bilan uni o’rindiqqa o’tirg’izadi va o’zi ham uning yoniga o’tiradi.

— Sen aytayotgan she’rlar butun Rimda shuhrat qozongan edi, ularni hamma yod bilar, aytib huzur qilardi. Biroq Tiberiyaning podsholigi tugagan va she’rlar ham unutilgan. Odamlar sening boshqa o’g’lingning—jangchi o’g’lingning so’zlarini takrorlashayotir.

Qariya farishtaga taajjublanib tikilib qaradi.

— U uzoq bir hududda xizmat qildi, — davom etdi farishta. — Yuzboshi bo’ldi. U ham adolatparvar va bag’rikeng inson edi. Bir safar qullaridan biri kasal bo’lib qoladi — o’lim holatiga tushadi. Sening o’g’ling qaerdadir bir tabib borligini eshitib, o’sha odamni izlab ketadi. Yo’l-yo’lakay bu odam — Xudo O’g’li ekanini biladi. U davolagan odamlarni uchratadi. Uning ta’limotini eshitadi va garchi o’zi rimlik yuzboshi esa-da, Uning e’tiqodiga o’tadi. Va bir kuni ertalab Uning qoshida hozir bo’lib, xizmatkori kasal ekanini aytadi. Va Ustoz — bu odamni shunday atashardi — uning bilan birga borishga chog’lanadi. Biroq yuzboshi dindor kishi edi, Ustozning ko’ziga qarab olib tushunadiki, hozir u Xudo O’g’lining ro’parasida turibdi. Ana shunda sening o’g’ling abadiy unut bo’lmaydigan so’zlarni aytadi. U shunday degan:

“Tashvishlanma, Tangrim, men munosib emasmanki, Sen mening qavatimga qo’shilsang. Biroq so’zingni aytgin va mening xizmatkorim sog’aygay”.

Alkimyogar otini niqtadi.

— Yerdagi har bir odam, u nima bilanki mashg’ul bo’lmasin, dunyo tarixida yetakchi ahamiyatga ega vazifani ado etadi. Odatda odamlar hatto bu haqda bilishmaydi ham.

Bo’zbola kuldi. Bir paytlar u hayotning mohiyati haqidagi muammolar cho’pon uchun bu qadar muhim bo’lishini xayoliga ham keltirmagandi.

— Omon bo’l, — dedi Alkimyogar.

— Omon bo’l, — dedi javoban bo’zbola.

Ikki yarim soat otda Santyago sahro bo’ylab yo’l bosdi. Yo’l bo’yi yuragining aytganlariga diqqat bilan quloq tutdi. Aynan yuragi unga xazina bekitilgan joyni ko’rsatishi kerak edi.

“Xazina qaerda bo’lsa, sening yuraging ham o’sha yerda”, — degan unga Alkimyogar.

Biroq yuragi boshqa narsa haqida gapirdi. Yuragi g’urur bilan ikki marta ko’rgan tushini o’ngga aylantirish niyatida qo’ylarini tashlab safarga chiqqan cho’pon tarixini hikoya qildi. O’z Yo’lini va uni yengib o’tganlar — yangi yerlarni yoki go’zallarni qidirib safarga otlanganlar va o’z zamondoshlarining ko’rsatgan yo’l-yo’riqlariga, aqidalariga jur’at bilan qarshi bora olganlar, buyuk o’zgarishlaru kitoblar haqida hikoya qilardi.

Santyago barxanni yonbag’irlab ko’tarilayotgan paytdagina yuragi shivirlab dedi:

“Hushyor bo’l. Sen yig’lab yuboradigan joyda men bo’laman, demakki, sening xazinang ham o’sha joyda bo’ladi”.

Bo’zbola asta-sekin ko’tarildi. Yulduzlar sochilgan osmonda yana to’lin oy ko’rindi — u sahro bo’ylab bir oydan beri yo’l yurayapti. Oy barxanni yoritdi va barxanlardan tushgan soyalar dengiz to’lqinlariga o’xshab tuyulardi, shunda Santyago Alkimyogar bilan xayrlashib, yuganni tashlab otini qo’yib yuborgan kunni esladi. Oy sukutga cho’mgan sahroni va xazinani qidirayotganlar bosib o’tgan yo’lni yoritardi.

Bir necha soniya o’tib, tepaga ko’tarilganda uning yuragi jon-jahdi bilan ura boshladi. Ro’parasida, oy nurida va oppoq qumlar shu’lasida ehromlar qad rostlab turardi.

Santyago tiz cho’kdi va yig’lab yubordi. U Ollohga o’z Taqdiriga ishonch uyg’otgani, uni Malkisidq bilan, billur Sotuvchi, angliyalik va Alkimyogar bilan duch keltirganiga shukronalar aytdi; muhimi, unga sahro ayoli bilan uchrashish nasib etdi, bu ayol esa sevgi hech qachon kishini O’z Yo’lidan adashtirmasligiga uni ishontirdi.

Mingyilliklar ehromlar yuksakligidan bo’zbolaga qarab turardi. Endi u, agar xohlasa, vohaga qaytishi, Fotimaga uylanishi, qo’y boqib yurishi mumkin. Sahroda Umum Tilini biladigan, qo’rg’oshinni oltinga aylantira oladigan Alkimyogar ham yashagan-ku. Santyago o’z san’atini namoyish qiladigan, donoligi bilan lol qoldiradigan odam yo’q: O’z Taqdiri yo’lidan borib, u o’ziga kerakli hamma narsaga o’rgandi, orzu qilganlarini boshidan kechirdi.

Biroq, eng muhimi, u o’zining xazinasini qidirdi, zotan, har qanday ish maqsadga to’la erishilgandagina bitgan hisoblanadi. Bo’zbola tepalikda turar va yig’lardi, pastga qaraganida esa ko’rdi: ko’z yoshlari to’kilayotgan joyda go’ng qo’ng’izi o’rmalab borayotgandi. Sahro bo’ylab kezgan vaqt mobaynida Santyago buning Misrda tangri timsoli ekanidan xabardor bo’lgandi.

Unga yana bir belgi berildi va bo’zbola qumni kovlashga kirishdi, biroq avval billur Sotuvchini esladi va uning haq ekanini tushundi: umr bo’yi tosh qalagani bilan hech kimga o’z hovlisida ehrom qurish nasib etmaydi.

Tun bo’yi u belgilangan joyda qumni kovladi, biroq hech narsa topmadi. Ehromlar tepasidan mingyilliklar unga sukut saqlab termulardi. Biroq u yon bermasdi — qumni o’raga qaytarib urayotgan shamolga qarshi basma-bas tinimsiz qazirdi. Santyago holdan toydi, qo’lini yaraladi, biroq yuragiga ishonaverdi, yuragi unga xazinani ko’z yoshi to’kilgan joydan qidirishni uqtirardi.

U o’radan toshlarni olib tashlayotgan daqiqada tuyqusdan qadam tovushi eshitildi. Santyago o’girilib, odamlarga ko’zi tushdi — ular bir necha nafar edi, yuzlarini tanitib qo’ymaslik uchun yorug’ga orqalarini berib turishardi.

— Sen bu yerda nima qilayapsan? — so’radi ulardan biri.

Bo’zbola javob qilmadi. Uni qo’rquv bosdi, chunki ayni paytda yo’qotadigan narsasi bor edi.

— Bizlar urushdan qochdik, — dedi boshqasi. — Bizga pul kerak. Sen bu yerga nima yashirding?

— Hech nima yashirganim yo’q, — javob qildi Santyago.

Biroq qochoqlarning biri uni o’radan tortib oldi, ikkinchisi cho’ntaklarini titdi va quyma oltinni topdi.

— Oltin! — qichqirdi u.

Endi oy uning yuzini yoritardi, Santyago qaroqchining ko’zlarida o’zining ajalini ko’rdi.

— U yerda yana bo’lishi kerak! — dedi boshqasi.

Ular Santyagoni qazishga majbur qilishdi va u bo’ysunmay ilojsiz edi. Biroq xazinadan darak bo’lmadi va qaroqchilar uni do’pposlay boshlashdi. Do’pposlash sahar pallasigacha davom etdi. Ustidagi kiyimi burda-burda bo’ldi va ajali yetishiga ozgina qolganini his etdi.

Shu payt Alkimyogarning gapi yodiga tushdi: “Pulning senga nima keragi bor, agar o’lishingga to’g’ri kelsa? Pul ajalingni bir lahzaga ham kechiktirolmaydi”.

— Men xazina qidirayapman! — baqirdi Santyago.

Yorilib, qoni qotgan lablarini zo’rg’a qimirlatib, u qaroqchilarga tushida ikki marta misr ehromlari poyiga bekitilgan xazinani ko’rganini gapirib berdi.

Qaroqchilar sardori uzoq jim turdi va keyin sheriklaridan biriga murojaat qildi:

— Uni qo’yib yubor. Unda boshqa hech narsa yo’q, bu quymani u biror joydan o’margan.

Santyago yiqildi. Qaroqchilar sardori uning ko’ziga qaramoqchi bo’ldi, biroq bo’zbolaning nigohi ehromlarga qadalgan edi.

— Ketdik bu yerdan, — dedi sardor sheriklariga, keyin o’girilib Santyagoga dedi:

— Men seni shuning uchun tirik qoldirayapmanki, sen bunaqa ahmoq bo’lish yaramasligini tushungin. Xuddi o’sha joyda, hozir sen turgan joyda, mening o’zim ikki yil burun ayni bir tushni bir necha marta ko’rdim. Tushimda ko’rinishicha, go’yo men Ispaniyaga borishim kerak, u yerda bir vayrona cherkov bor emish, unga cho’ponlar qo’ylarini qamab tunarmish, omborxonasida tutanjir o’sib chiqqanmish, shu cherkovni qidirib topishim kerakmish. Biroq men tush ko’rdim, deb sahroda tentirab yo’l kezadigan ahmoq emasman.

Shu gapdan keyin qaroqchilar ketishdi.

Santyago azob bilan o’rnidan turdi va so’nggi bor ehromlarga qaradi. Ular bo’zbolaga tabassum qildi, u ham javoban kulib qo’ydi va yuragi baxt-saodatga to’lganini his etdi.

U o’z xazinasini qo’lga kiritdi.